Adolat yoʻlidagi fidoyilik

06:51 15 May 2025 Ilm-fan
261 0

Har qanday buyuk shaxsiyat ortida sabr-qanoat, mehnat va shijoat kabi ulugʻ tuygʻular, fidoyilik, jasorat, taqdirning achchiq sinovlarida toblangan metin iroda yotadi. Atoqli olim, mohir pedagog, davlat va jamoat arbobi Xadicha Sulaymonova hayoti va faoliyati fikrimiz isbotidir.

Oʻzbekiston tarixidagi ilk ayol huquqshunoslardan biri boʻlgan bu inson taqdirida turli toʻsigʻ-u mashaqqatlar doimiy hamroh edi. Va aynan oʻsha ogʻir sinovlar uni qatʼiyatli qilib tarbiyaladi. Yuksak marralar sari eltdi.

Qahramonimiz bolaligidanoq bilim olishga mehr qoʻygan. Uning oilasida taʼlimga, ilmga boʻlgan hurmat ustuvor boʻlgan. Afsuski, padari Kelginboy ota qizining yuksak martabalarga erishganini koʻrolmay hayotdan ancha erta koʻz yumadi. Onasi Otincha aya oʻzida ham ota, ham ona masʼuliyatini birlashtirib, toʻrt nafar farzandini yolgʻiz tarbiya qiladi. Farzandlarining taʼlim olishi uchun zavodda ishlaydi, soʻng oʻzbek tili oʻqituvchilari tayyorlov kursida oʻqiydi. Boshqa onalar singari u ham “Oʻzim qiynalsam-da farzandlarim azob chekmasin”, qabilida ish koʻradi. Ana shu fidokorlik, mehnatsevarlik Xadicha Sulaymonovaning hayot falsafasini belgilab beradi. Voyaga yetar ekan, uning hayoti tarixiy burilishlar, ijtimoiy-siyosiy silkinishlar davriga toʻgʻri keldi. Oʻlkadagi xotin-qizlar taqdiriga oid sodir boʻlgan turli voqealar nafaqat jamiyat tafakkurida, balki yosh Xadichaning dunyoqarashida ham chuqur iz qoldiradi.

XX asrning 20 — 30-yillarida ayollarni “ochiqlik”ka chiqarish siyosati avj oladi. Biroq bunga jamiyat hali tayyor boʻlmagan. Natijada paranjisini tashlagan koʻplab ayollar yaqinlari tomonidan oʻldiriladi. Jumladan, yosh sanʼatkor Nurxon Yoʻldoshxoʻjayevani akasi mutaassiblarning taʼsiri ostida pichoqlab qoʻyadi. Margʻilonda Nurxonning qotili ustida ochiq sud boʻlgan. Unda 17 yoshli Xadicha Sulaymonova ham qatnashadi. Mazkur sud uning hayotida tarixiy voqealardan biri boʻldi. Taniqli adib Mark Tven yozganidek, “Inson hayotida ikki muhim kun bor: biri — u dunyoga kelgan kun, ikkinchisi — nima sababdan dunyoga kelganini anglagan kun”. Qahramonimiz aynan shu jarayonda goʻyoki oʻzining hayot yoʻlini anglab yetadi. Boisi sudda qatʼiyat bilan soʻzlagan qoralovchi Tojixon Shodiyevaning chiqishi uning qalbida huquqshunoslik kasbiga mehr uygʻotadi. Andijonga qaytib orzusini onasiga aytganda, Otincha aya uni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu oʻsha tahlikali davrda ayol matonatining yorqin namunasi edi.

Xadicha Sulaymonova orzusi yoʻlida sobitqadamlik bilan avval Moskvada tayyorlov kursida, soʻng Toshkentda ochilgan huquq institutida oʻqidi. Toʻrt yillik tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, 22 yoshida xalq sudyasi boʻlib ishlay boshlaydi. Koʻp oʻtmay Oliy sud aʼzoligiga qabul qilinadi. Oʻzi masʼul har bir jinoyat ishini chuqur oʻrganadi. Har bir hujjat, har bir ish ortida inson taqdiri turganini bilgan Xadicha ishiga chinakam fidoyilik bilan yondashdi.

Aspiranturada oʻqishni davom ettirar ekan, taniqli olim A.Traynin rahbarligida dissertatsiya ishini olib boradi. Ikkinchi jahon urushi sabab ilmiy ishi bir muddat toʻxtaydi, oʻzi esa oʻsha vaqtdagi Toshkent yuridik institutida faoliyatini davom ettiradi. Bu yerda talabalarga saboq berish bilan birga nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.

Oʻtgan asrning 50-yillarida Xadicha Sulaymonova jinoyat huquqining shakllanishiga oid doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, professor ilmiy unvoniga ega boʻladi. Uning tadqiqotlari oʻzbek huquqiy tafakkurining shakllanishiga ulkan hissa qoʻsha oldi, desak, mubolagʻa emas.

Qahramonimiz eng tahlikali yillarda qatagʻon qurbonlarini himoya qilishga jurʼat etgan sanoqli huquqshunoslardan biridir. Xususan, maxsus komissiya aʼzosi sifatida minglab begunoh insonlarning aybsizligini isbotlashda jonbozlik koʻrsatgan. 1956-yilga kelib esa Adliya vaziri etib tayinlanadi. Bu lavozimda u xalqning huquqiy ongini oshirish, adolatni mustahkamlash yoʻlida jonkuyarlik bilan ish yuritadi.

Xadicha Sulaymonova nafaqat olgan bilimlarini, balki hayotiy tajribasini faoliyatiga tatbiq eta olgan. Sud tizimidagi mavjud holatni chuqur tahlil qilish maqsadida viloyat sudlariga borib, u yerdagi ish yuritish tartibini shaxsan oʻrganadi, sudyalar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlib, jarayonlarning adolatli va shaffof kechishiga qatʼiy talab qoʻyadi. Uning uchun qonun — oddiy matn emas, balki jamiyatni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi muqaddas bir mezon edi.

Qahramonimiz nafaqat adolatni qaror toptirish, balki keyingi avlod saviyali huquqshunoslarini tarbiyalashni ham maqsad qilgan. Jinoyat va protsessual kodekslar, mehnat qonunchiligi boʻyicha koʻrsatmalar ishlab chiqish, qonun loyihalarini tuzish va ularni hayotga tatbiq etishdek ogʻir, masʼuliyatli vazifalarni ham oʻz zimmasiga olgan.

Taniqli olima Oʻzbekistonning huquqiy asoslarini mustahkamlash, demokratik jamiyat qurilishiga oʻz hissasini qoʻshgan yirik huquqshunos sifatida tarixda qoldi.

Xadicha Sulaymonova — bir oʻzbek ayolining ilm yoʻlidagi jasoratini, adolatga boʻlgan sadoqati va millatga xizmat qilishda sinmas irodasini namoyon etadi. Bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash, qonuniylik va sudlar mustaqilligini taʼminlashda huquqshunos olimaning hayot yoʻli va faoliyati haqiqiy ibrat maktabi boʻla oladi.

Anbaroy JUMABOYEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер