Adliya organlari islohotlarning huquqiy tayanchi

16:14 29 Dekabr 2025 Siyosat
407 0

Prezidentimizning Oliy Majlis va yurtdoshlarimizga yoʻllagan navbatdagi Murojaatnomasida 6 ta ustuvor yoʻnalishni qamrab oldi. Xususan, oltinchi ustuvor yoʻnalish – zamonaviy davlat boshqaruvi hamda adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ushbu strategik vazifalar, ayniqsa, adliya organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish va aholiga xizmat qilishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi va barcha davlat organlarining xizmatlari hamda funksiyalari Yagona raqamli platformaga birlashtiriladi. Bu jarayon adliya organlari uchun ham qator yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Jumladan, davlat xizmatlarini koʻrsatishda yagona standartlar joriy etiladi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari tezkor va samarali koʻrib chiqiladi. Qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlik taʼminlanadi.

Murojaatnomada alohida keltirilganidek, yangi raqamli ekotizim davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiya, ortiqcha byurokratiya va sunʼiy toʻsiqlardan xoli tizimni shakllantirishga xizmat qiladi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi ham bu yoʻnalishda, avvalo, huquqni qoʻllash amaliyotida shaffoflikni taʼminlash, xizmat koʻrsatish jarayonlarida adolat va xolislikni kafolatlash, aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashni ustuvor vazifa, deb biladi.

Shuningdek, Murojaatnomada davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda koʻrsatish tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oddiy qilib aytganda, fuqaro bir xizmat uchun murojaat qilar ekan, unga bogʻliq boshqa masalalar ham avtomatik tarzda hal etiladi. Masalan, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini rasmiylashtirishi bilan bir vaqtda suv, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish masalalarini ham qoʻshimcha murojaatlarsiz hal qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

2026-yilda bunday jamlanma xizmatlar soni 100 taga yetkazilishi belgilangani adliya organlari oldiga katta vazifalar qoʻyadi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda raqamli davlat xizmatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, qonun ustuvorligini taʼminlashda huquqiy nazoratni kuchaytirish borasida izchil ish olib boradi.

Adliya tizimi islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida “inson qadri – oliy qadriyat” tamoyili asosida ish yuritib, har bir fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan zamonaviy davlat boshqaruvi, raqamli adliya va korrupsiyadan xoli davlat xizmatlari tizimini shakllantirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi, tuman va shahar boʻlimlari xodimlari 2026-yilda ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etgan holda, davlat, jamiyat va aholi oʻrtasida mustahkam huquqiy koʻprik boʻlib xizmat qiladi.

Abdumutalib DADAJONOV, Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер