Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofoti oʻz egalariga topshirildi
Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotini topshirish marosimi oʻtkazildi.
Jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini xalqaro darajada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, sunʼiy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston tashabbus bilan tashkil etilgan mazkur mukofot bu yil ilk bor taqdim etilmoqda.

Tantanali marosimda Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotiga sazovor boʻlgan olimlar nomi eʼlon qilindi.
Birinchi Beruniy mukofoti Braziliyaning Minas Gerais federal universiteti (UFMG) kompyuter texnologiyalari boʻyicha faxriy professori Virgilio Augusto Fernandes de Almeidaga berildi. U sunʼiy intellektga axloqiy, inklyuziv va insonga yoʻnaltirilgan yondashuvlarni ilgari surishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
Beruniy nomidagi ikkinchi mukofot inson huquqlari boʻyicha mutaxassis, professor Syuzan Perri va informatika boʻyicha mutaxassis Klaudiya Rodaga berildi. Ular yoshlarga yoʻnaltirilgan va oldindan koʻra oladigan sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha tadqiqotlari, taʼlim va ijtimoiy integratsiyani birlashtirgan innovatsion ishlari uchun birgalikda ushbu mukofotga sazovor boʻlishdi.

Uchinchi Beruniy mukofoti Xitoyning Sinxua universiteti qoshidagi xalqaro sunʼiy intellektni boshqarish instituti (olim – Lan Syue, Chjen Lyan va Syan Syao)ga berildi. Mazkur institut akademik mukammallikni siyosiy taʼsir bilan uygʻunlashtirgan holda sunʼiy intellekt boʻyicha axloqiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun mukofotga loyiq koʻrildi.
Uchala sovrindorlarga ham 30 ming AQSH dollaridan pul mukofoti, Beruniy medali va sertifikatlar topshirildi.
Marosimda soʻzga chiqqan YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi rahbari Gayane Umerova mazkur mukofot ulugʻ alloma va olim Abu Rayhon Beruniyning munosib izdoshlari, ilm-fan sohasi vakillarini ragʻbatlantirish va sunʼiy intellektning axloqiy rivojlanishi va foydalanilishini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

— Men avvalo, ushbu mukofotni taʼsis etishda tashabbuskor boʻlgan Oʻzbekiston hukumatiga va Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorligimni izhor etaman, — dedi Odri Azule. — Buyuk oʻzbek olimi, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalgan mukofot men YUNESKO Bosh direktori sifatida topshirayotgan eng soʻnggi mukofot hisoblanadi va ayni chogʻda uni ilk bor topshirayotganimdan ham faxrlanaman. Biz sunʼiy intellekt, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib kelayotgan bir davrda uning axloqiy tomonlariga ham alohida eʼtibor qaratishimiz zarur va bu mukofot ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan, fanda yangilik yaratgan olimlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Beruniy mukofoti sunʼiy idrok etikasi boʻyicha amalga oshirilgan eng yaxshi uchta ilmiy tadqiqot uchun har ikki yilda taqdim etiladi.
Marosimdan soʻng Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotining ilk sovrindorlari ishtirokida sunʼiy intellektda axloqiy qarashlar boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring