Abadiy muzliklar nega qayta tiklanmaydi?

18:14 28 May 2025 Ilm-fan
183 0

Yangi ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, agar insoniyat global isishni nazoratga olib, Yer haroratini yana 1,5°C darajasiga tushirsa ham, dunyo boʻylab muzliklar asrlar davomida erishda davom etadi. Eng muhimi — bu muzliklar oldingi holatiga qayta tiklanmaydi. Ushbu muhim ilmiy xulosa «Nature» jurnalida chop etilgan tadqiqot asosida berilgan.

Olimlarning taʼkidlashicha, Yer harorati vaqtincha boʻlsa ham 3°K gacha koʻtarilishi muzliklar uchun halokatli oqibatlarga olib keladi. Alp, And va Himolay togʻlaridagi muzliklar keskin kamayadi. Bu esa nafaqat dengiz sathining koʻtarilishiga, balki minglab odamlar hayoti uchun muhim boʻlgan suv manbalarining kamayishiga sabab boʻladi.

Britaniya va Avstriyadagi olimlar 2500-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida muzliklarning taqdirini oʻrganib chiqdi. Ularning hisob-kitoblariga koʻra, harorat bir muddat 3°C darajagacha oshsa, 2200-yilga kelib muzliklar massasi qoʻshimcha 16 foizga, 2500-yilgacha esa yana 11 foizga kamayadi. Bu yoʻqotishlar 1,5°C ssenariysi boʻyicha allaqachon erishi aniq boʻlgan 35 foizlik muzliklardan tashqari amalga oshadi.

Tadqiqotda butun dunyo muzliklari (Shimoliy va Janubiy qutblar istisno) uchun kompyuter modellari ishlab chiqilgan. Bu model yordamida muzliklarning oʻtmishi va kelajagi oʻrganildi. Muzliklar eriganida vaqtincha suv miqdori koʻpayadi — bu holat “choʻqqi suv” (peak water) deb ataladi. Shunga qaramasdan, muzliklar tiklana boshlasa, suv muzga aylanadi va pastga oqadigan suv kamayadi. Bu esa “eng past suv” (trough water) deb nomlanadi. Olimlar aytishicha, 2100-yildan keyin koʻplab mintaqalarda aynan shu holat yuz beradi — suv taʼminoti kamayadi.

Tadqiqot mualliflaridan biri doktor Maussion shunday deydi: “Agar insoniyat Yer haroratini 1,5°K darajasidan oshirib yuborsa, bu muzliklarning erishini asrlar davomida toʻxtata olmaydi. Harorat keyinchalik yana pasaytirilsa ham, koʻrilgan zarar qayta tiklanmaydi. Shu sababli hozirdanoq is gazlari chiqindilarini keskin kamaytirish va iqlim oʻzgarishini jilovlash kerak. Aks holda, kelajak avlodlarga tuzatib boʻlmaydigan muammolarni tashlab ketamiz”.

Tadqiqot muallifi, Avstriyaning Insbruk universiteti olimi doktor Lilian Shusterning soʻzlariga koʻra, kichik muzliklar, masalan Alp togʻlaridagi muzliklar nazariy jihatdan 2500-yilgacha tiklanishi mumkin. Ammo bu jarayon shunchalik uzoqki, hozirgi yoki yaqin kelajak avlodlar buni koʻra olmaydi. Muzliklardan oqadigan suv ayniqsa yozgi qurgʻoqchilik davrida aholi uchun muhim boʻlgan suv manbai hisoblanadi. Muzliklar yoʻqolsa, bu manbalar ham yoʻqoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер