90, 98, 99... 107 yosh. Koronavirusni yenggan dunyoning eng keksa insonlari

23:36 17 Aprel 2020 Lifestyle
1197 0

Bugun Peruda 90 yoshli erkak koronavirusdan tuzaldi. “MIR 24“ning yozishicha, Valerio Santa Kruz ikki hafta kasalxonada muolaja olgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, u koronavirusdan toʻliq xalos boʻlgan. Unga oʻpkaning sunʼiy shamollatish apparati bilan ulanmagan. Shu tariqa Santa Kruz Perudagi koronavirus infeksiyasini yenggan eng keksa bemor boʻldi.

Lekin Santa Kruz dunyodagi koronavirus infeksiyasidan shifo topgan eng keksa inson emas. Masalan, Buyuk Britaniya fuqarosi, 106 yoshli britaniyalik Konni Titchen ham ushbu kasallikdan muvaffaqiyatli davolandi. “ABC News” ikkita jahon urushidan omon qolgan Konni Titchen bu kasallikka ham taslim boʻlmadi deya xabar tarqatdi. Titchen xonim kasalxonada uch hafta muolaja olgan va uning organizmi virusdan butunlay xalos boʻlgan. U kasalxonadan oʻziga xos tadbir bilan kuzatildi.

“Men bu virusni yengganimdan juda xursandman. Oilam bilan koʻrishishni boshqa kuta olmayman“, degan Titchen xonim.

“Titchen xonimning sogʻayishini tasavvur qilishni oʻzi qiyin edi. Ushbu virusni yengib chiqqan bemorlarning klinikamizdan chiqib ketishlari biz uchun juda yaxshi voqea“, deydi hamshira Kelli Smit.

Braziliyada esa Ikkinchi Jahon urushi faxriysi, 99 yoshli Ernando Armelindo Pivet ham kasalxonadan chiqarildi. Aprel oyining boshlarida unga koronavirus tashxisi qoʻyilgan edi.

Avvaliga uyida davolangan Armelindo Pivet 6-aprel kuni kasalxonaga yotqizilgan. U sakkiz kunlik davolanishdan soʻng virusdan xalos boʻlgan. Shifokorlar uni toʻliq tuzalganiga ishonishlarini bildirishgan.

Bulardan tashqari, aprel oyining boshlarida Italiyada 104 yoshli pensioner Ada Zanusso, bir necha kun oldin esa AQSHda boshqa bir Ikkinchi jahon urushi faxriysi Bill Lapschis koronavirusdan sogʻaygani maʼlum qilingan edi.

Hozirga qadar koronavirusni yenga olgan dunyodagi eng keksa bemor niderlandiyalik 107 yoshli ayol boʻlib turibdi. Bu haqda NL Times nashri Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakiliga tayanib xabar bergan edi.

Bemor Janubiy Niderlandiya provinsiyasida, Qariyalar uyida yashagan Korneliya Ras mart oyi oʻrtalarida koronavirusni yuqtirgani maʼlum boʻlgan. Oʻshandan beri muolaja olgan keksa onaxon oʻtgan hafta boshida infeksiyadan tuzalgan.

Mart oyining boshida 98 yoshli Uxan shahri fuqarosining koronavirusdan muvaffaqiyatli davolangani va kasalxonadan chiqqanligi maʼlum qilingan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер