8500 AQSH dollardan 200 AQSH dollarigacha: Davlat xavfsizlik xizmati bir qator poraxoʻrlarni ushladi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bir qator korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar fosh etildi.
Maʼlum boʻlishicha, «Oʻrtachirchiq tumangaz» gaz taʼminoti bosh muhandisi non mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan binoni gaz tarmogʻiga ulab berish, texnik hujjatlarni rasmiylashtirish, hisoblagich oʻrnatish, gaz quvurlarini tortish va boshqa ishlarni qilib berish evaziga 8 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir shunday holatda «Xazorasp erkin iqtisodiy zona direksiyasi» davlat unitar korxonasi mutaxassisi Qoʻshkoʻpir tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib oladi. Shundan soʻng, uni oʻzining mansabdor tanishlari orqali Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyishini aytib, evaziga 6 ming AQSH dollari talab qiladi.
Tegishli idoralar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu mutaxassis 3 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga tushdi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi Bogʻot tumani boʻlimi mansabdor shaxsi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning yerga boʻlgan egalik huquqini qayta tiklab berish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlangan. Shundan soʻng, DXX firibgarni 400 AQSH dollari hamda 1.200.000 soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushladi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi bilan bogʻliq vaziyatni oʻrgangan. Qayd etilishicha, birlashma boshligʻi oʻz mansab vakolatidan foydalangan holda 2 nafar fuqaroni mazkur birlashmaga ishga qabul qilish evaziga 1 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa avtotransport vositalari ehtiyot qismlari savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJning bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisi bilan sodir boʻlgan. Maʼlum boʻlishicha, mahalliy tadbirkor tomonidan 2024-yilning iyun oyida Turkiya davlatidan olib kelingan qiymati 850 million soʻmlik tovar moddiy boyliklar uchun toʻlanishi lozim boʻlgan davlat bojlarini bojxona idoralaridagi tanishlari orqali tez va arzon narxlarda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirib berganligi evaziga 1 ming 300 AQSH dollari talab qilgan shaxs 1 ming 100 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
«Shuningdek, mazkur ishga aloqador boʻlgan, Samarqand viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli bojxona postlaridan birining boshligʻi ham 200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi», deyiladi xabarda.
DXX hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring