85 yoshli otaxon tashkil etgan kutubxonada 12 mingdan ortiq kitob jamlangan

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanidagi Nosgar mahallasi usta kulollari bilan mashhur. Shu bois hunarmandchilik mahalla drayveri sifatida belgilangan boʻlib, har bir oila avloddan avlodga oʻtib kelayotgan hunari orqali doimiy daromad manbaiga ega.
Shu mahallada yashovchi 85 yoshli Husanboy ota Ergashev oʻz xonadonida kutubxona tashkil etib, kattayu kichikka maʼrifat ulashayotgani ham eʼtiborga molik. Ezgu tashabbus tufayli keyingi yillarda yangi avlod vakillari oʻrtasida kitobxonlik madaniyati yuksalmoqda.
— Ayni paytda mahalladagi qariyb 100 nafar yigit-qizlar mamlakatimizning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻqimoqda, — deydi “Nosgar” MFY yoshlar yetakchisi Uygʻun Abduhamidov. — Quvonarlisi, keyingi uch yil davomida mahalla yoshlari oʻrtasida birorta ham huquqbuzarlik yoki jinoyatchilik qayd etilmadi. Ana shu sababli hozirgi kunda mahallamiz “yashil hudud” toifasiga kiritilgan.
Bu yil mahallada joylashgan 58-umumtaʼlim maktabini 19 nafar oʻgʻil-qizlar tamomlaydi. Oliy taʼlimga kirish maqsadida qariyb barcha bitiruvchilar bugungacha bu borada imtiyoz taqdim etuvchi turli sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻlishdi. Shu kunlarda Toshkentdagi Vestminster universitetida taʼlim olayotgan Jamshid Eminov mahalladosh uka-singillari uchun bepul oʻquv kursi ochish harakatida.
— Mahallamizdagi 717 ta oilada 2546 nafar aholi istiqomat qiladi, ularning 500 nafardan ziyodi yoshlar, — deydi oʻz xonadonida kutubxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan otaxon. — Bugungi kunda mahalladagi har bir oila, xususan, barkamol avlod vakillari kutubxonaga aʼzo boʻlgan. Bu yerda oyda bir yoki ikki marotaba maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazamiz. Kitobxonlik kelajagimiz vorislarini hunar oʻrganish, astoydil mehnat qilishga ham ragʻbatlantiradi.
Aytish joiz, “Ergash ota Sanginov” nomini olgan ushbu kutubxonada 12 mingdan ortiq kitob jamlangan. Tashrif buyuruvchilar ziyo maskanida noyob tarixiy asarlar, jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalari hamda oʻquv-uslubiy qoʻllanmalardan foydalanishi mumkin. Oʻz navbatida, kutubxona qoshida Rishton tumani tarixi haqida maʼlumot beruvchi kichik muzey ham tashkil etilgan.
— Insonga kitobdan yaxshi doʻst yoʻq, — deydi otaxon. — Ijtimoiy tarmoq, telefon yoshlarga mukammal bilim bera olmaydi. Shu bois yigit-qizlar qalbida kitobga mehr uygʻotish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirib borishni asosiy maqsad sifatida belgilab olganman. Ishonamanki, yaqin kelajakda mahallamiz yoshlari orasidan ilm-fan, adabiyot sohasida mashhur shaxslar yetishib chiqadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring