5 ta qurilish kompaniyasi 6,7 milliard soʻmni isteʼmolchilarga qaytaradigan boʻldi

10:55 25 Dekabr 2025 Jamiyat
204 0

Raqobat qoʻmitasiga xonadon xarid qilish boʻyicha oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirgan fuqarolarga ayrim quruvchi tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda xonadonlar topshirilmagani yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 19-moddasiga muvofiq, ijrochi tomonidan shartnomada yoki belgilangan qoidalarda koʻrsatilgan muddat, hajm va sifat talablariga qatʼiy rioya etilgan holda ishlarni bajarishi yoki xizmatlarni koʻrsatishi shart.

Shu munosabat bilan, Hududiy boshqarma tomonidan isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qurilish sohasidagi qonunbuzilish holatlari boʻyicha sud organlariga jami 32 nafar isteʼmolchi manfaatida 11 milliard soʻmdan ortiq mablagʻni undirish haqida daʼvo arizalari kiritilgan.

Olib borilgan ishlar natijasida “GLAMUR GOLD”, “TRANSPORT FREE GROUP”, “LUCKY TECHNICAL”, “BROCCOLI PLUS”, “NUR” MCHJlarga nisbatan 16 nafar isteʼmolchi foydasiga jami 6,7 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻni qaytarish toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qaror qabul qilingan.

“Ayni paytda qolgan isteʼmolchilarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan sud ishlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?