300 dan ziyod odamlarning katta miqdordagi pulini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan tadbirkor qamoqqa olindi

11:04 30 Sentyabr 2019 Jamiyat
1557 0

300 dan ziyod odamlarning katta miqdordagi pulini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan tadbirkor qamoqqa olindi. Bu haqda Uz24.uz xabar berdi.

Koʻp sonli fuqarolarning shikoyatlariga asosan “Straus Hous” MCHJ vakillarining xatti-harakatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan edi.

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining maʼlumot berishicha, “Straus House” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Dastlabki tergov jarayonlarida aniqlanishicha, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar koʻchasi, 16-uyda joylashgan “Straus House” MCHJ mansabdor shaxslari Toshkent shahar, Andijon, Fargʻona, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan 2019-yilning yanvar-aprel oylari davomida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrika Respublikasidan “Ostrich” zotli tuyaqush (straus) joʻjasini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirib, respublikaning turli viloyatlarida yashovchi 300dan ortiq fuqarolarning juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan talon-toroj qilishda gumon qilinmoqda.

Jinoyat ishi boʻyicha “Strause House” MCHJ taʼsischisi, Isroilov Ibroxim Rovshan oʻgʻli Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?