3 milliard soʻmdan 500 AQSH dollarigacha: DXX mansabdorlar bilan bogʻliq korrupsiya holatlarni aniqladi

Davlat xavfsizlik xizmati bir qator holatlarda korrupsiya bilan bogʻliq holatlarni aniqladi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshligʻi 2023-yilning may oyidan 2024-yilning may oyiga qadar ushbu korxonada elektr energiyasi oqimini hisobga olish va nazorat qilish muhandisi vazifasida ishlab kelib, savdo faoliyatini olib borishga ixtisoslashgan MCHJning elektr energiyasidan 202 million 500 ming soʻmlik qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 90 million soʻm talab qiladi. U 2023-yilning iyun dekabr oylari davomida tadbirkordan jami 78 million soʻm oladi, ammo, vaʼdasini ustidan chiqmasdan, yaʼni, qarzdorlikni bazadan oʻchirtira olmasdan, barcha olgan pullaridan dastlabki 3 million soʻmni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ikkinchi holat, Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi xususiy korxona rahbari oʻzining mansabdor tanishlari orqali Namangan viloyatining Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi”ni ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun Kosonsoy shahridagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasini tender savdolarida yutib berish evaziga tadbirkordan 4 milliard soʻm talab qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari ushbu noqonuniy ishga aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlangani qayd etilgan.
Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik boʻlinmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 million soʻm pul mablagʻini noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 AQSH dollari talab qiladi. Bunday holatlarni fosh etish katta tezkor xodimning bevosita xizmat vazifasiga kirsada, u jabrlanuvchidan soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori probatsiya nazoratida turgan, joriy yilning fevral oyida sud hukmiga asosan JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxsni jazoni Yangiyer shahrida oʻtamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora koʻrmaslik evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uyni sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 AQSH dollari miqdorida pul mablagʻi berishini talab qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 AQSH dollari hamda 1 million 260 ming soʻmni oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan”, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring