2030-yilga borib, Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin — JSST

Keyingi bir necha oʻn yillikda kam harakatlik va notoʻgʻri ovqatlanish sababli ortiqcha vazn va semizlik butun dunyoda jiddiy muammoga aylandi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, 2030-yilga borib, Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Eng yomoni, bu kasallik nafaqat kattalar, balki yoshlar orasida ham keng tarqalmoqda.
Shu bois soʻnggi vaqtlarda oshqozon qisqartirish amaliyoti orqali semizlikdan qutilish tobora ommalashib boryapti.
Xoʻsh, ushbu jarrohlik operatsiyasi qanchalik xavfsiz? U qanday hollarda tavsiya etiladi?
Shu kabi savollarga akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Shuhrat Hoshimov javob berdi.
— Cemizlikka chalingan bemorlarning koʻpchiligi bugun parhez tutish, sport bilan shugʻullanish kabi tabiiy ozish usullaridan koʻra, tezroq natijaga erishish va muammodan qisqa muddatda xalos boʻlishni maʼqul koʻrmoqda, — deydi mutaxassis.
— Qolaversa, aksariyat odamlar ortiqcha vaznga qarshi uzoq vaqt kurashgan, biroq foydasi boʻlmagan. Shu bois ular operatsiya yoʻli bilan ozishga rozi.
Albatta, jahon tibbiyoti uchun bariatriya, yaʼni oshqozon, ichak yoki ikkalasini birga xirurgik oʻzgartirish amaliyoti yangilik emas.
Yurtimizda ham bunday operatsiyalarni oʻtkazuvchi mutaxassislar paydo boʻlgach, koʻpchilik bemorlarda mazkur muolaja orqali semizlikdan xalos boʻlish istagi paydo boʻldi.
— Oshqozonning kattaligi semizlikka asosiy sababmi?
— Yoʻq, albatta. Ortiqcha vaznning yuzaga kelishiga bir necha omillar sabab boʻladi. Yaʼni kamharakatlik, turli zararli odatlar, qandli diabet, depressiya, stress, psixonevrologik oʻzgarishlar oqibatida koʻpincha insonda semirish kuzatiladi.
Shuningdek, gormonal oʻzgarishlar va gormon dorilarni qabul qilish ham bunga sabab boʻlishi mumkin.
— Meʼdani kichraytirish amaliyoti qanday hollarda tavsiya etiladi?
— Tibbiyotda semizlik turli darajalarga boʻlinadi. Tana vazni indeksi 30 dan 35 gacha boʻlsa, birinchi, 35-40 gacha ikkinchi, 40 dan tepasi uchinchi darajali hisoblanadi. 40 dan yuqori boʻlganda 16-60 yosh oraligʻidagi bemorlarga jarrohlik yoʻli bilan ozish tavsiya qilinadi.
Shuningdek, tana indeksi 35 dan yuqori va qandli diabet, gipertoniya, osteoxondroz, qonda lipidlar miqdorining balandligi, yurak ishemik hamda artroz kabi yondosh xastaliklar boʻlganda ham mazkur amaliyotni oʻtkazish mumkin.
Bundan tashqari, ozishga tabiiy choralar foyda bermaganda ham bu muolaja usuliga murojaat qilinadi. Bariatrik jarrohlikdan soʻng bemorlar sezilarli va tez vazn yoʻqotadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring