2024-yilda ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi — Aqshagul Tulegenova

17:04 29 Yanvar 2024 Jamiyat
127 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenovaning Navoiy Davlat pedagogika institutida saylovchilar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etishib, talaba-yoshlarga tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar, “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.

— Joriy yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun imkoniyatlar yanada kuchaytiriladi, — dedi Aqshagul Tulegenova. — Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalar, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, xotin-qizlar va nuroniylar, yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonun hujjatlari ishlab chiqiladi.

Uchrashuvda qonun ijodkorligi, jamiyatni yanada demokratlashtirish va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishda omma faolligini oshirish ham asosiy mavzulardan biri boʻldi. Taʼkidlandiki, 2023-yilda yurtimizda “Inson qadrini ulugʻlash” gʻoyasi asosida ulkan oʻzgarishlar roʻy berdi. Barcha sohalarni jadal rivojlantirish, bu borada huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, yakunlangan yilda Qonunchilik palatasi tomonidan 100 ta qonun qabul qilinib, Senatga yuborildi. 20-marta hukumat aʼzolari va davlat organlari rahbarlarining axboroti eshitilgan boʻlsa, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament soʻrovi, 134 ta deputat soʻrovi yuborilgan.

Tadbirda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, aholi manfaatlarini taʼminlash, buning uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish asosiy vazifalardan biri ekanligi taʼkidlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?