2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida
Illyustrativ foto
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 21-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 20-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlaridan foydalanish
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan (bundan buyon matnda respublika budjeti deb yuritiladi) ushbu Qonunga muvofiq ajratiladigan budjet mablagʻlaridan faqat 2024 moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar oʻzining joriy xarajatlarini, shu jumladan davlat rivojlantirish dasturlarini (bundan buyon matnda rivojlantirish dasturlari deb yuritiladi) amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarni bir rivojlantirish dasturidan boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlashga haqli.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) qaroriga asosan respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlarining 10 foizgacha boʻlgan cheklangan miqdorlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga yoʻnaltirishga haqli.
Vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati tegishli rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qiladi hamda tahlil natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlarini, shuningdek ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga chet el manbalaridan (chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan) ajratiladigan grant mablagʻlarining (bundan miqdorlari va tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mustaqil ravishda aniqlash shartlari (imkoniyatlari) bilan ajratiladigan grant mablagʻlari mustasno) belgilangan miqdorlari ushbu Qonunga oʻzgartirish kiritilmasdan koʻpaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi, shuningdek rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati haqidagi hisobotlarini eshitishni amalga oshiradi.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti parametrlari
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari va xarajatlari
2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2025 — 2026-yillar uchun budjet moʻljallari 1-ilovaga muvofiq, ularni tayyorlashda asos boʻlib xizmat qilgan 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2025 — 2026-yillar uchun maqsadli moʻljallar 2-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi hamda xarajatlari
2024-yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi maʼlumot uchun qabul qilinsin hamda ularning xarajatlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5-modda. Respublika budjetining daromadlari prognozi va xarajatlari
2024-yil uchun respublika budjetining daromadlari prognozi 4-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2024-yil uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, sud va prokuratura organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalariga soliqlar, davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlar, maʼmuriy jarimalar hamda moliyaviy sanksiyalar hisobidan kelib tushadigan mablagʻlarning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan respublika budjetiga oʻtkazilishi mumkin.
6-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari
2024-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari 6-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2024-yil uchun respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga va viloyatlarning viloyat budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjeti va viloyatlarning mahalliy budjetlari daromadlari prognozining ijrosidan qatʼi nazar, kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-modda. Ayrim toʻlovlar stavkalari
2024-yil uchun:
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 8-ilovaga muvofiq (soliq solish maqsadida);
tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimlarning cheklangan stavkalari 9-ilovaga muvofiq;
chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimlarning stavkalari 10-ilovaga muvofiq;
yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanish huquqi uchun yigʻim stavkasi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishda qoʻllaniladigan bojxona bojlari stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish
2024-yil uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hajmi 900,0 mlrd soʻm miqdorida belgilansin.
2024-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar budjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetini, viloyatlarning viloyat budjetlarini va Toshkent shahrining shahar budjetini, tumanlar va shaharlar budjetlarini ijro etish chogʻida yuqori turuvchi budjetdan ajratiladigan budjetlararo transfertlar miqdorlari oshgan taqdirda, tegishli budjetlar zaxira jamgʻarmalarining belgilangan miqdorlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratilgan taqdirda ushbu Qonunga oʻzgartirishlar kiritilmaydi.
9-modda. 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi barqarorligini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining olti oylik ijrosi yakunlari boʻyicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud boʻlmagan hollarda:
respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan;
respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga koʻra Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining xarajatlarini qisqartirish boʻyicha qarorlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
Budjetlar xarajatlarini qisqartirishda budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlarini oluvchilarning budjet mablagʻlarini oʻzlashtirishi, shuningdek qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi. Bunda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni kamaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 120-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash
2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,0 mlrd AQSH dollari, shundan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilansin.
2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 25,0 trln soʻm miqdorida belgilansin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdorini belgilash
2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga olib kelishi mumkin boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha xarajatlar faqat qoʻshimcha daromad manbai mavjud boʻlganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
3-bob. Budjetlararo munosabatlarni tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
12-modda. 2024-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining daromadlarini shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari
Soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.
Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
benzinni, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;
aylanmadan olinadigan soliq;
tamaki, alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo (import orqali kirgan mahsulotlardan tashqari), shuningdek mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar, tegishincha oʻtgan moliya yilining 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan olingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq. Bunda daromadlar boʻyicha prognozning bajarilmagan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi, daromadlar boʻyicha prognozning oshirib bajarilgan qismi esa respublika budjeti ixtiyorida qoladi.
Soliqlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga quyidagi ulushlarda:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tushgan tushumlarning (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan toʻlaydigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tashqari) Navoiy viloyatida 55 foizi, Toshkent viloyatida 38 foizi, Toshkent shahrida 11 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi;
foyda soligʻidan tushgan tushumlarning (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari) Navoiy viloyatida 61 foizi, Toshkent viloyatida 39 foizi, Toshkent shahrida 11 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qonunchilikda belgilangan miqdorlarda taqsimlanadigan quyidagi daromadlar respublika budjeti va Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi:
davlat bojlari;
jarimalar;
yigʻimlar;
davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushumlar;
davlat aktivlarini joylashtirishdan, foydalanishga (ijaraga) berishdan va sotishdan tushumlar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni (shu jumladan ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan daromadlarni) hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlashga;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi tushumlarini tumanlar va shaharlar budjetlariga yoʻnaltirishga;
daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablagʻlarning bir qismini tumanlar va shaharlar budjetlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etishga haqli.
Agar qonunchilikda daromadlarning budjet darajalari boʻyicha taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan daromadlarning turlari respublika budjetiga oʻtkaziladi;
mahalliy budjetlarga oʻtkazilishi lozim boʻlgan daromadlarning turlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga oʻtkaziladi.
Budjet tizimi budjetlariga ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan tushumlarning summalarini qaytarish ularni qaytarish sanasida amalda boʻlgan ajratmalar normativlariga muvofiq tegishli budjet tizimi budjetlaridan, bekor qilingan daromad turlari boʻyicha esa respublika budjetidan amalga oshiriladi.
Davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar (shu jumladan ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan) 2024-yilning 1-iyuliga qadar 2023-yil yakunlari boʻyicha oʻz sof foydasining 50 foizi miqdorida ajratmalar va davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisoblanadi hamda 2024-yilning 1-sentyabridan kechiktirmay tegishli darajadagi budjetlarga oʻtkaziladi. Shuningdek ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan oltin va mis qazib oluvchi korxonalar 2023 va 2024-yillardagi sof foydasining 100 foizini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga dividendlar tarzida oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan oltin va mis qazib oluvchi korxonalar uchun dividendlar toʻlash miqdori va davriyligini qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlashga haqli.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan qoʻshimcha tadbirlarni moliyalashtirish faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Choraklar yakunlari boʻyicha ushbu Qonunning 6-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz koʻrsatkichlari mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmagan va moliya yili oxirigacha ushbu mablagʻlarning tushish ehtimoli boʻlmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasiga xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha choralar koʻrish bilan birga tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan soʻrov bilan murojaat qiladi hamda mazkur taklif Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining tegishli chorakdagi mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bajarilmagan va moliya yili oxirigacha ushbu mablagʻlarning tushish ehtimoli mavjud boʻlmagan budjet daromadlari turlarining prognoz koʻrsatkichlari aniqlashtiriladi hamda ushbu summa boshqa daromad manbalari yoki respublika budjeti hisobidan qoplanadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xuddi shunday tartibda murojaat qiladi.
Quyidagilar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladi:
Soliq qoʻmitasining hududiy organlarini saqlash xarajatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar
va shaharlardagi Xalq qabulxonalarini saqlash xarajatlari;
sud boshqaruvchilarining mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar.
Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash va jihozlashga, shuningdek sugʻoriladigan yerlarining meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash hamda taʼmirlash ishlariga doir xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy organlarini saqlash xarajatlari;
kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarni saqlash xarajatlari.
Quyidagilar respublika budjetidan moliyalashtiriladi:
kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalarini va moddiy yordamlarni toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari) saqlash xarajatlari;
Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarini, shuningdek suv omborlaridan foydalanish boshqarmalarini saqlash xarajatlari.
Hududlardagi barcha issiqlik bilan taʼminlovchi korxonalar tomonidan koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organlarning hududiy boʻlinmalari xulosalariga koʻra, tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan maʼqullanganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) yil davomida qayta koʻrib chiqish yakunlariga koʻra issiqlik bilan taʼminlovchi korxonalar aholiga pasaytirilgan tariflar qoʻllanilishi natijasida koʻrgan zararlarining oʻrnini qoplash uchun qoʻshimcha mablagʻlarga boʻlgan talab Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14-modda. “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini buzganlik uchun javobgarlik
“2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
15-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
16-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga
zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
17-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2023-yil 25-dekabr
№ OʻRQ—886
“2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1–11-ilovalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring