2023/2024 oʻquv yilidan boshlab nogironligi boʻlgan abituriyentlar uchun qabul tartibi va test toʻgʻrisidagi maʼlumot hamda materiallar ularga qulay formatda boʻlishi taʼminlanadi
Foto: Халқ сўзи
AOKAda Adliya vaziri oʻrinbosari va mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berildi.
Qarorda belgilangan quyidagi masalalar ahamiyatiga alohida ahamiyatga ega:
— nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish va davlat idoralarida mansabdor shaxslarning qabuliga navbatsiz kirish boʻyicha imtiyozlar beriladi;
— “Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi boʻlgan shaxslarga advokatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul professional yuridik yordam koʻrsatilishini (pro bono) tashkil etishga koʻmaklashuvchi tizim joriy etiladi;
— tibbiyot muassasasida davolanishda nogironligi boʻlgan bolalarga gʻamxoʻrlik qilish uchun uning yaqinlaridan biriga sharoit yaratib berilishi, jumladan ushbu davrga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi hamda bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyiladi;
— protez-ortopediya va reabilitatsiya buyumlari olishga sertifikat berish uchun tibbiy xulosa talab etish tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, bolalar nogironligining belgilanganligi asosliligini aniqlash maqsadida ularni takroran tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibining bekor qilinganligi hamda natijada endilikda bolalarning qaytadan tekshiruvdan oʻtkazilishi yoki tashxisga aniqlik kiritish uchun davolash muassasasiga qoʻshimcha tekshirishga yuborilishi va maʼlum bir davr mobaynida ortiqcha sarsongarchiliklar yuzaga kelishiga chek qoʻyilgan.
Bundan tashqari, hozirga qadar qonunchilik bilan nogironligi boʻlgan shaxslar (bolalar) va ularga gʻamxoʻrlik qilayotgan yaqinlariga koʻplab masalalar yuzasidan imtiyozlar berilgan boʻlsada, mazkur imtiyozlar bir nechta hujjatlarda tarqoq holatda belgilanganligi, ularning yagona roʻyxati yoʻqligi mazkur imtiyozlarni qidirib topish va ulardan amalda foydalanish jarayonlarini murakkab va noqulay qilib qoʻyganligi, shu bois, qarorda ushbu fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning yagona roʻyxatini shakllantirish hamda ushbu Yagona roʻyxatni Adliya vazirligining “Advice.uz” huquqiy axborot portaliga joylashtirish va Internet tarmoqlarida doimiy yoritib borish belgilangan.
Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya va reabilitatsiya qilish vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish maqsadida, qarorga asosan:
— 2023-yilda 475 nafar muhtoj shaxslarni zamonaviy xorijiy protez-ortopediya buyumlari (oyoq, son va boldir protezi hamda oyoq apparati) bilan bepul taʼminlash,
— 2023-yil 1-iyulga qadar nogironligi boʻlgan muhtoj shaxslar taʼminlanadigan protez-ortopediya va reabilitatsiya buyumlari roʻyxatini kengaytirish, jumladan elektr kreslo-aravacha, maxsus funksiyali aqlli soat, brayl yozuv moslamasi, ovozli termometr va tonometr, yozgi murakkab ortopedik poyabzal kabi qoʻshimcha 6 ta vosita bilan tizimli taʼminlash (hozirda amaldagi roʻyxatda 18 ta) koʻzda tutilgan.
Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning inklyuziv rivojlanishi va taʼlim olishiga koʻmaklashish maqsadida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
— nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlovchi pedagoglar soni va salohiyatini oshirish maqsadida “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari (logopediya, surdopedagogika, oligofrenopedagogika) boʻyicha oliygohlarga qabul toʻliq davlat granti asosida amalga oshirilishi;
— nogironligi boʻlgan abituriyentlar uchun qabul tartibi, test toʻgʻrisida maʼlumot va materiallar qulay formatda boʻlishi (videoroliklar, surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi) taʼminlanishi belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring