2023-yil davomida Oʻzbekistonda 363 ta qotillik sodir etilgan

14:16 29 Fevral 2024 Jamiyat
501 0

Illyustrativ foto

2023-yil 12 oyida sodir etilgan 363 ta qotillikning 141 tasi yoki 38,8 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan.

Bu maʼlumot Oliy Majlis Senatida boʻlib oʻtgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasida Ichki ishlar vazirligining 2023-yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan eshitilgan axborotida keltirildi.

Ichki ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2023-yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 87,7 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 7 563 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 450 nafar shaxs topilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 6 455 ta jinoyat aniqlangan.

Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada 2023-yil yakuni boʻyicha mamlakatimizdagi 9 442 ta mahalladan 2 972 tasida yoki 31,5 foizida jinoyat sodir etilmagan. Jinoyatlar koʻpaygan 2 298 ta yoki 24,3 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilgan.

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 40 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. Oilalar mustahkamligini saqlash maqsadida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 17 327 ta oila yarashgan, oilaviy muammolar va zoʻravonlikka duch kelgan 1 450 nafar xotin-qiz Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер