2022-2023-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasi qanday?

18:07 14 Dekabr 2022 Iqtisodiyot
999 0

Yurtimizda 2022-2023-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (kartoshka, piyoz, sabzi, guruch) zaxirasi tashkil etildi.

Yaʼni, kartoshka 291 ming tonna, piyoz 74,5 ming tonna, sabzi 138,4 ming tonna, guruch 78,9 ming tonna zaxirasi shakllantirildi. Borish qiyin boʻlgan togʻli hududlar va olis choʻl zonalariga bugungi kungacha un 12,4 ming tonna, oʻsimlik yogʻi 1 622 tonna, shakar 1 828 tonna, guruch 1 692 tonna, kartoshka 7,9 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi “Hukumat soati”da Qishloq xoʻjaligi vaziri A.Voitov maʼlum qilgan.

Qayd etilganidek, joriy yilda aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bozorlarda mahsulotlarning narx barqarorligini saqlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birga bir qator amaliy ishlar olib borilgan.

Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan aholini ijtimoiy ahamiyatga ega birlamchi mahsulotlar bilan taʼminlash hamda ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishining oldini olish maqsadida 23 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga (goʻsht mahsulotlari, baliq, sut mahsulotlari, tuxum, mevalar, sitrus mevalar, oʻsimlik yogʻi, un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) 2023-yil 1-yanvariga qadar import bojxona bojining nol stavkasi 2023-yilning 1-iyuliga qadar uzaytirildi. Natijada asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshib ketishining oldi olindi. Xususan, mol goʻshti narxi 4 foizga, tovuq goʻshti 2 foizga oshgan boʻlsa, qoʻy goʻshti 5 foizga, kungaboqar yogʻi 9 foizga tushgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?