2020-yilda Samarqandda 11 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.

«Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, 2021-yilning 1-yanvar holatiga viloyatda 465 ta baliqchilik xoʻjaliklari mavjud boʻlib, ushbu xoʻjaliklarning jami suv havzasi 9660,7 gektarni, shundan, tabiiy suv havzalar 8108 gektar va sunʼiy suv havzalar 1552,7 gektarni tashkil etadi. 2020-yilda baliqchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar tomonidan jami 11 ming 457 tonna baliq mahsuloti ichki isteʼmol bozoriga yetkazib berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi “Naslchilik xoʻjaliklari maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 100-sonli qaroriga asosan 2021-yilda Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kattaqoʻrgʻon jayxuni” hamda Pastdargʻom tumanidagi “Poʻlat baliq havzasi” fermer xoʻjaliklariga baliqlarning karp zotini koʻpaytirish boʻyicha naslchilik maqomi berildi.
Samarqand tumanidagi “Oq Amur baliqlari” fermer xoʻjaligi tomonidan viloyat fermerlari uchun har yili 500 ming donadan ortiq baliq chavoqlari yetkazib berilmoqda. Baliqning oq amur, oq doʻngpeshona, zogʻora baliq singari zotlari sunʼiy hovuzlarda intensiv usulda yetishtirilib, talabgorlarga arzon narxlarda yetkazib berilayotgani bozorlarga chiqarilayotgan mahsulot tannarxini arzonlashtirish imkonini bermoqda.
Oʻtgan 2020-yil mobaynida Samarqand viloyatidagi oʻnlab fermer xoʻjaliklariga 20 tonnaga yaqin baliq chavoqlari yetkazib berildi. Shu bilan bir qatorda ichki bozorga 140 tonna parhez mahsulot sotuvga chiqarildi.
Ushbu fermer xoʻjaligi mutaxassislari baliqchilikni sunʼiy havzalarda “qafas” usulida rivojlantirishga ham alohida eʼtibor berishmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha bunday usul sunʼiy hovuz suvini yangilab turish imkonini beradi. Fermer xoʻjaligi tomonidan baliqchilik sohasiga qiziqish bildirayotganlarga toʻlaqonli maʼlumot berish maqsadida tumanning “Guliston” MMTP hududida loyiha qiymati 27 milliard soʻmlik “Baliqchilik kompleksi” va ekobogʻ bunyod etilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushsa 28 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Jomboy tumanidagi “Vladimir tillo baliq” fermer xoʻjaligi tomonidan 3,6 gektar maydonda joylashgan sunʼiy suv havzasida baliqning sazan, karp, osyotr, telyapiya singari zotlari parvarishlab koʻpaytirilmoqda. Jomboy davlat qoʻriqxonasi atrofida joylashgan mazkur fermer xoʻjaligi mutasaddilari baliq parvarishlash bilan bir qatorda ekoturizimga ham alohida eʼtibor qaratishgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, bir kishi bir yilda 12 kilogrammdan kam boʻlmagan miqdorda baliq isteʼmol qilishi kerak. Koʻp davlatlarda bu meʼyoridan ham oshadi, yaʼni 40 kilogrammga yetadi. Shu jihatdan olib qarasak ham mamlakatimizda bugungi kunda baliq mahsuloti yetishtirish borasida olib borilayotgan tub islohotlarning ahamiyati katta.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring