130 mingga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari oʻqitiladi

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi majlisda maʼlum qilindi. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqladi.
Markaziy saylov komissiyasi yaqinda qabul qilgan va ijrosiga jadal kirishilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish va tayyorlashga doir muhim vazifalar belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 27-aprel kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishi shu masalaga bagʻishlandi. Majlisda Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Videomuloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va xodimlari, ilmiy va oliy taʼlim muassasalarining saylov huquqi boʻyicha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib bordi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʻtkazish uchun saylov komissiyalari aʼzolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishga yangicha yondoshiladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha koʻnikma va malakasini, saylov jarayonlari sohasidagi huquqiy bilimini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.
Jarayon uch bosqichda roʻyobga chiqariladi. Birinchi bosqich tashkiliy-uslubiy ishlarni qamrab oladi. Bunda oʻquv rejalari va oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlanadi, trenerlar tarkibi shakllantiriladi, “Saylov2021» mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda saylov qonunchiligi boʻyicha trenerlar va saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning (aʼzolarni) malakasini oshirish va tayyorlash rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash boʻyicha trenerlar va saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.
Mashgʻulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga eʼtibor kuchaytirilib, simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test usullari faol qoʻllaniladi.
Taʼkidlash joizki, Konsepsiyani ishlab chiqishda YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining Oʻzbekistonda saylovlarni kuzatish boʻyicha Missiyasi Yakuniy hisobotida oʻz ifodasini topgan maqbul tavsiyalar hisobga olingan.
Jumladan, saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qatʼiy amal qilishning, saylovchi shaxsan oʻzi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishda saylovchilar roʻyxati bilan ishlash, shu jumladan saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi haqidagi mashgʻulotlar ham oʻrin olgan.
Keng koʻlamdagi tushuntirish ishlari saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid bilim hamda koʻnikmalarining oshishi, shuningdek, saylov tizimi va amaliyotining yana-da takomil topishiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi, oʻrtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.
Rahim SHERQULOV
“Xalq soʻzi”
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring