12-aprel — Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni

Foto: Illustrativ foto
Kosmonavtika kuni har yili 12-aprelda nishonlanadi. 1961-yil shu kuni Sovet kosmonavti Yuriy Gagarin insoniyat tarixidagi kosmosga birinchi parvozni amalga oshirdi — bu yil ushbu hodisaning 61 yilligi nishonlanmoqda. «Vostok» sunʼiy yoʻldosh kemasida Baykonur kosmodromidan parvozni amalga oshirib, Yer atrofida bir marta aylanib chiqib, Saratov viloyatiga muvaffaqiyatli qoʻndi. Koinotga parvozi uchun unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Yuriy Gagarin nomini eshitmagan, uning kim ekanini bilmaydigan odam sayyoramizda juda kam boʻlsa kerak. Ayrim manbalar birinchi fazogir parvozini hatto XX asrning eng muhim hodisasi deb ham hisoblaydi. Ha, shubhasiz, 1961-yilning 12-aprelida nafaqat XX asrning, balki butun insoniyat sivilizatsiyasi tarixining eng muhim voqealaridan biri sodir boʻlgan edi. Oʻsha kuni insoniyat Gagarin timsolida, tom maʼnoda koinotga narvon qoʻydi. Bu oʻtgan vaqt ichida dunyoning qirqqa yaqin mamlakatidan 400 dan ziyod fazogir u yoki bu muddatga fazoga uchib qaytgan va aytish joizki, har bir kosmonavt oʻsha Gagarin ochib bergan eshik orqali koinotga chiqmoqda. 2011-yildan eʼtiboran esa BMTning maxsus rezolyutsiyasi orqali butun dunyo mamlakatlarida ushbu sana Xalqaro bayram kuni sifatida nishonlanmoqda. Shunday qilib, BMT Bosh Assambleyasi ushbu bayramni Xalqaro kosmik parvozlar kuni sifatida eʼlon qilarkan, butun insoniyat mulki boʻlgan koinotni tinch maqsadlarda tadqiq etish, fazodan foydalanish koʻlamini kengaytirish, bu borada barcha davlatlarga teng imkoniyat, imtiyoz berilishini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatni davom ettirmoqda. Bu fan va texnologiyaning barqaror rivojlanishiga, fazodan tinch maqsadda foydalanishga xizmat qiladi. Insoniyat XXI asrga kosmik texnologiyalarning aql bovar qilmaydigan muvaffaqiyatlari bilan birga kirib keldi — oʻn minglab sunʼiy yoʻldoshlar Yer atrofida aylanib yuribdi. Hatto, odamzod qadami Oygada yetdi, u yerdan tuproq namunasini olib qaytdi. Keyinchalik avtomatik zondlar Mars va Veneraga qoʻndi
12-aprel kuni professional bayram nafaqat kosmonavtlar tomonidan nishonlanadi. Ushbu sana kosmik dasturlarda ishtirok etadigan muhandislar, olimlar, texniklar va boshqa mutaxassislar uchun ham muhimdir. Kosmonavtika kuni mamlakatimizda ham nishonlanadi, chunki Oʻzbekiston ushbu sohani rivojlantirishga sezilarli hissa qoʻshgan. Birinchidan, Qozogʻistondagi Baykonur kosmodromi qurilishida oʻzbeklar faol ishtirok etishgan. U yerga bizning aloqachilarimiz, quruvchilarimiz va boshqa mutaxassislarimiz yuborilgan.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston kosmonavtlari fazoni tadqiq etishning dastlabki kunlaridanoq soha rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. Butun dunyoga maʼlum boʻlgan kosmonavtlar Vladimir Jonibekov — fazoda besh marta boʻlgan birinchi Oʻzbekiston kosmonavti, ikki marta Qahramon, aviatsiya general-mayori va Solijon Sharipov - fazoda 203 kunni oʻtkazgan, aviatsiya polkovnigi, Vatanimizning yuksak mukofotlari – “Amir Temur” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan. Asarlari xalqaro miqyosda tan olingan olimlar orasida Shavkat Axadovich Vohidovning ismini alohida taʼkidlash lozim. Hamyurtimiz fazoviy muhandislikni yaratish va rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishgan.
Kosmonavtikadagi eng muhim hodisalarga toʻxtaladigan boʻlsak, insondan oldin fazoga hayvonot olami vakillari uchirildi. Sovet «Vostok» fazoviy kemasi 1960-yilda kosmosda 24 soat uchib, Belka va Strelka itlari bilan yerga qaytib keldi. Yuriy Gagarindan keyin Valentina Tereshkova kosmosdagi birinchi ayol boʻldi - u 1963-yilda «Vostok-6» kosmik kemasida uchdi, parvoz uch kun davom etdi. Amerikalik tadbirkor Dennis Tito birinchi kosmik sayyoh boʻldi, u parvoz uchun 2001-yil aprel oyida 20 million AQSH dollar toʻlagan. Rossiyalik kosmonavt Gennadiy Padalka koinotda eng uzoq vaqt qolish boʻyicha jahon rekordini yangiladi, u fazoda ikki yil va ikki yarim oy boʻlgan.
1969-yildan 1972-yilgacha odamlarning olti marotaba Oyga qoʻnishi amalga oshirilgan. Jami 12 ta kosmonavt Yerning sunʼiy yoʻldoshi yuzasini tekshirgan. 1972-yil 14-dekabrdan beri boshqa hech kim Oyda boʻlmagan. Ayni paytda dunyoda Marsni tadqiq qilish ishlari jadal tarzda olib borilmoqda.
Abduvali Soyibnazarov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- Qatar Davlati Amiri davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring