10 ming 258 ta oilaning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dan chiqarilishiga Bosh Prokuratura izoh berdi

13:26 06 Mart 2025 Jamiyat
262 0

Joriy yilda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida ijtimoiy yordam mablagʻlarini olib kelayotgan va moddiy ahvoli yaxshilangan 10 ming 258 ta oila “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dan chiqarildi. Bu chora-tadbirlar haqiqiy ehtiyojmand oilalarga davlat yordamlarini manzilli yetkazish maqsadida amalga oshirildi, deb yozadi Bosh Prokuratura matbuot xizmati.

Xabar qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida bunday holatlardan biri aniqlandi. U yerda fuqaro A.Sh. oʻz xonadonida tomorqada band boʻlib, turmush oʻrtogʻi A.B. yakka tartibdagi tadbirkor sifatida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan.

Bundan tashqari, ularning yashash sharoiti qoniqarli boʻlib, foydalanishda “Captiva” rusumli avtomashina mavjud ekanligi maʼlum qilindi. Shunga qaramay, Sh.A.ga 2024-yilning 1-iyulidan 3 nafar farzandi uchun har oy 505 ming soʻm miqdorida bolalar nafaqasi tayinlangan va toʻlab kelingan.

Shu kabi holatlar Toshkent viloyati Parkent tumanida ham qayd etildi. Reyestrga asossiz kiritilib, davlatdan moddiy yordam olib kelgan shaxslar aniqlanib, prokuratura tomonidan 8,2 million soʻm mablagʻni undirish yuzasidan sudga kiritilgan daʼvo arizalari qanoatlantirildi. Sud qaroriga muvofiq, mazkur mablagʻlar davlat foydasiga qaytarilishi belgilandi.

Davlat tomonidan kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Asossiz ravishda yordam olgan shaxslarga ajratilgan mablagʻlarni byudjetga qaytarish va haqiqiy muhtojlarga yetkazish choralari koʻrilmoqda.

Har bir ijtimoiy yordam haqiqiy ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishini taʼminlash maqsadida nazorat ishlari yanada kuchaytirilmoqda. Byudjet mablagʻlarining samarali taqsimlanishini taʼminlash va kambagʻallikka qarshi kurashish borasida davlat idoralari tomonidan aniq tadbirlar ishlab chiqilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер