1-martga qadar 11 ta, 1-oktyabrgacha yana 18 ta davlat xizmatlari xususiy sektorga beriladi

11:57 07 Fevral 2025 Siyosat
202 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda bu yildan tumanlarda servisni rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuv boʻlishi aytildi.

Hududlarda 1 ming 156 ta “drayver” loyiha tanlab olinib, tasdiqlandi. Bu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion soʻm beriladigan boʻldi.

Buning hisobiga tadbirkorlar bilan birgalikda joriy yilda 72 ta sohil boʻyi dam olish maskanlarini ishga tushirish, 62 ta istirohat bogʻlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, 154 ta tun-u kun ishlaydigan turizm va gastronomik koʻchalarni tashkil qilish, 364 ta yoʻl boʻyi va boshqa servis obyektlarini barpo qilish rejalashtirilgan.

Magistral va mahalla ichki yoʻllariga katta eʼtibor berilmoqda. Lekin xizmatlar rivojiga katta turtki beradigan tumanlararo yoʻllar masalasi ochiq qolmoqda.

Shu munosabat bilan hokimliklar oldiga 50 ta tumanlararo yoʻl infratuzilmasini yaxshilash vazifasi qoʻyildi.

Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Oʻtgan davrda korxonalar soni 1,5 karra oshib, ulardagi ishchilar 220 mingga koʻpaydi.

Muhimi, koʻp korxonalar “soya”dan chiqib, oylikni toʻgʻri koʻrsatishga oʻtgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra koʻpayib, qoʻshimcha 2,1 trillion soʻm soliq tushdi.

Shu bois koʻp tadbirkorlar imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirishni soʻramoqda. Bu taklif maʼqullanib, endilikda imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million soʻm oylik oladigan 30 yoshgacha boʻlgan ishchilariga qoʻllanishi belgilandi.

Va aksincha, xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik toʻlayotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.

Soʻnggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari xususiy sektorga berildi. Lekin vazirliklarda bu yoʻnalishda hali qilinadigan ishlar juda koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Davaktiv agentligi rieltor va baholovchini imtihondan oʻtkazish, toifa berishni, Turizm qoʻmitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi qishloq xoʻjaligi va maxsus texnikalarni majburiy koʻrikdan oʻtkazishni xususiy sektorga berishi mumkinligi taʼkidlandi. Boshqa vazirlik va idoralarda ham tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar juda koʻp.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga 1-martga qadar 11 ta, 1-oktyabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini koʻrish topshirildi.

Har bir vazirlikka oʻz tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi boʻyicha taklif tayyorlash topshirildi. Bu borada Raqobat qoʻmitasining masʼuliyati belgilandi.

Tadbirkorlarda yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish shartlari boʻyicha savollar koʻpligi bois, bu borada ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish va eʼlon qilish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер