Vazir Mudofaa doktrinasi nima sababdan yangilanganiga izoh berdi

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov “Xalq soʻzi-onlayn” nashri muxbiriga yangi Mudofaa doktrinasining ahamiyati haqida aytib oʻtdi:
— 2018 yilning 9 yanvarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.
Maʼlumki, 1995 yil 30 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi chaqiriq uchinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi qabul qilingandi. 2003 yil 3 fevralda esa mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi muhokama qilindi va maʼqullandi. Demak, shu paytgacha mudofaa sohasidagi davlat siyosati asoslari, Qurolli Kuchlarning qurilishi, tayyorgarligi va qoʻllashga oid asosiy prinsiplar hamda yoʻnalishlarini tartibga soluvchi 2 ta doktrinal hujjat qabul qilingandi.
Jahon va mintaqadagi vaziyat, yuzaga kelayotgan xatar va tahdidlarga mos holda doktrinani qayta ishlab chiqish zarurati paydo boʻldi. Xoʻsh, bu yangidan qabul qilingan Mudofaa doktrinasida qanday aks etdi?
Doktrinaning 6-bandida “Globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning tizimi oʻzgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar koʻlami kengayib borayotganligi — geosiyosiy qarama-qarshilikning kuchayishi, mojarolar va tang vaziyatlarni kuch ishlatib hal etishga boʻlgan yondashuvning ustunlik qilishi, kuch ishlatish, shu jumladan, ommaviy qirgʻin qurolini qoʻllash ehtimoli oshganligi, harbiylashtirish, xalqaro terrorizm va ekstremizm faollashganligi, axborot makoni va kibermakonda oʻzaro kurash kuchayganligi bilan tavsiflanadi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, mintaqamizdagi vaziyatga xalqaro terrorizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatlar soya solib turibdi.
Qolaversa, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqligi, eng asosiysi, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va amaliy munosabatlarning rivojlanayotgani kabi muhim omillarga, Vatanimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini taʼminlashdek ustuvor vazifalarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, doktrinamiz birinchi marta toʻliq ochiq eʼlon qilindi. Bu esa mudofaa siyosatimiz ochiqligining tasdigʻidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring