Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi

15:06 26 Yanvar 2023 Iqtisodiyot
832 0

Markaziy bank Boshqaruvi 2023-yil 26-yanvarda asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Iqtisodiyotda yalpi talabga ichki va tashqi omillarning ragʻbatlantiruvchi taʼsiri saqlanib qolmoqda. Tashqi inflyatsiya va iqtisodiyotdagi daromadlarning oʻsishi bazaviy inflyatsiyaning soʻnggi oylarda yuqori shakllanishiga sabab boʻldi.

Asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholanmoqda. Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish zarurati yuzaga kelishi mumkin.

Soʻnggi choraklarda barqaror yuqori iqtisodiy oʻsish dinamikasi kuzatilmoqda. Markazlashgan investitsiyalarning muvozanatlashuvi sharoitida yalpi isteʼmolning oʻsishi talabni shakllantiruvchi asosiy omillardan boʻldi. 2022-yil yakuni boʻyicha YAIM oʻsishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga mos boʻlib, 5,7 foizni tashkil etdi.

Joriy yilda fiskal ragʻbatlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutilayotgan boʻlsada, oʻtgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defitsitning yalpi talabni qoʻllab-quvvatlovchi taʼsirlari saqlanib qolmoqda. Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalarining yuqori hajmlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va koʻchmas mulklarga boʻlgan talabni oʻsishiga va, oʻz navbatida, ushbu bozorlarda narxlarni oshishiga olib kelmoqda.

Umuman olganda, joriy va kelgusi choraklarda iqtisodiyotda ijobiy tendensiyalarning shakllanishi taklif omillarini muvozanatlashishiga bogʻliq boʻladi. Anomal ob-havo sharoitlari tufayli taklif bilan bogʻliq qisqa muddatli xatarlar yuzaga kelishi ayrim turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlariga taʼsir koʻrsatadi.

2022-yil davomida iqtisodiyot tashqi sharoitlarning oʻzgarishiga moslashib bordi. Tashqi iqtisodiy xatarlarning taʼsiri qisqa muddatli va dastlabki baholashlarga nisbatan pastroq boʻlishi hisobiga eksport va transchegaraviy pul oʻtkazmalardan valyuta tushumlarining oʻsishi kuzatildi.

Jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi boʻyicha ijobiy kutilmalar shakllangan boʻlsada, global iqtisodiy faollik va asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotlari oʻsishi boʻyicha prognozlar pasayishining salbiy taʼsiri bilan bogʻliq yuqori noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

2022-yilda isteʼmol tovarlari narxlarining barcha guruhlarida keng qamrovli oʻsish kuzatildi va bu umumiy yillik inflyatsiya darajasining 12,3 foizgacha tezlashishida oʻz aksini topdi. Soʻnggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham barqaror oʻsish tendensiyasi kuzatildi va yillik 13,8 foizga yetdi. Bu ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksining nisbatan yuqori dinamikasi bilan birga kelgusida inflyatsion bosimlarning yanada ortishi ehtimoli boʻyicha signal bermoqda. Oxirgi uch oydagi inflyatsion kutilmalardagi oʻsish dinamikasi kelgusida inflyatsion xatarlar yuzaga kelishi ehtimollarini oshirgan.

Jahon iqtisodiyotining oʻzgarishlarga moslashuvi hamda markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatini qatʼiylashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar, global inflyatsion jarayonlarning yanada kuchsizlanishi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining birja narxlarining nisbatan pasayishi boʻyicha ehtimollikni oshirmoqda. Ushbu omillar valyuta kursining nisbatan barqaror dinamikasi bilan birgalikda inflyatsion jarayonlarga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.

Yilning ikkinchi yarmidan boshlab milliy valyutadagi kreditlar hajmining ortishi hisobiga iqtisodiyotga kredit qoʻshilmalarining oʻsish surʼati biroz tezlashdi. Shu bilan birga, kredit portfeli tarkibida aholiga ajratilgan chakana kreditlarning yuqori surʼatlarda oʻsish tendensiyalari davom etmoqda.

Ijobiy real foiz stavkalari taʼsirida banklarda depozitlar hajmi, ayniqsa aholi omonatlari yuqori surʼatlarda oʻsib bormoqda.

Umuman olganda, oʻtgan yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiyotni moliyalashtirish jarayonlarida tarkibiy oʻzgarishlar kuzatilib, banklar koʻproq ichki resurslardan foydalangan holda faoliyat yuritishga oʻtishi tezlashdi. Bu, oʻz navbatida, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni samarali mobilizatsiya qilinishi bilan birgalikda iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etilishi kutilmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanishning prognozlariga koʻra, I chorakda YAIM oʻsishining maʼlum darajada sekinlashishi boʻyicha ehtimollik yuqori va 2023-yil yakunida iqtisodiyotning 4,5-5 foizga oʻsishi va yillik inflyatsiyaning 8,5-9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning oʻsuvchi dinamikasi va iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlar darajasi, ikkinchi tomondan, tashqi iqtisodiy sharoitlar va taklif omillaridagi xatarlar pul-kredit siyosati taʼsir doirasini qisqartirishi mumkin.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga taʼsirini sinchkovlik bilan baholashda davom etadi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar talab va taklif mutanosibligini taʼminlash hamda inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishiga va 5 foizlik oʻrta muddatli targetiga erishishiga qaratiladi.

Zarur hollarda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda inflyatsiyaning nomonetar omillarini kamaytirish, taʼminot zanjirlaridagi uzilishlarni bartaraf etish va zaruriy taklif hajmlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2023-yil 16-martga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?