Shaxsga oid maʼlumotlarning oshkor etilishi qanday salbiy oqibatlarga olib keladi?

Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya xizmatlarining jamiyat hayotiga tatbiq etilishi, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari va internet messenjerlarida shaxsga oid maʼlumotlarni uning roziligisiz olinishi hamda tarqatilishiga har qadamda guvoh boʻlyapmiz.
Shuningdek, internet messenjerlarda, saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchi akkauntini qayd etish, guruhlar yoki kanallar tashkil etishda shaxsga doir maʼlumotlardan, yaʼni shaxsning fotosurati, ism-sharifi, ish joyi, lavozimi va boshqalardan uning roziligisiz foydalanish va tarqatilishi holatlari keskin koʻpayib ketayotganligi kuzatilmoqda. Buning natijasida koʻplab internet foydalanuvchilari oʻz shaxsiy hayotiga va shaxsiga oid maʼlumotlar tarqatilishiga oid huquqbuzarliklardan jabr koʻrmoqda.
Shu sababli, shaxsga oid maʼlumotlarni himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan masala sifatida qaralmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ham “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va bu qonunda inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, shaxsga doir maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi, subyektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi, shaxs, jamiyat hamda davlatning xavfsizligi asosiy prinsiplar sifatida mustahkamlangan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, jismoniy shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti, tugʻilgan joyi, vaqtincha yoki doimiy yashash joyi, oilasi, ijtimoiy holati, maʼlumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi, mulkiy holati, telefon raqamlari, fotosurati, elektron pochta manzili, biometrik va genetik maʼlumotlar hamda boshqa maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, Qonunda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish mexanizmlari aniq belgilanishi, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻrishni nazarda tutadi. Bu subyektning oʻz shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini taʼminlaydi.
Shuningdek, Qonunda bunday maʼlumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalariga kiritish uchun subyektning yozma roziligini olish, shuningdek subyektning shaxsga doir maʼlumotlarini hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalardan uning murojaatiga koʻra chiqarib tashlash koʻrsatilgan.
Shaxsga oid maʼlumotlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga misol qilib, uyali aloqa kompaniyalarining abonent raqamlarini dilerlar tomonidan rasmiylashtirishda va uyali aloqa vositalarini UZIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtishida ayrim nopok tadbirkorlar tomonidan turli yoʻllar bilan qoʻlga kiritilgan fuqarolik pasporti maʼlumotlaridan foydalanish holatlari koʻplab kuzatilmoqda. Shuningdek shaxsga oid maʼlumotlarning noqonuniy savdosi uyushgan jinoyatchilikning elementlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shaxsga doir maʼlumotlar bilan ishlovchi jismoniy yoki yuridik shaxslar yaʼni, uyali aloqa operatorlarining dilerlari, aviakassalar, turistik agentliklar, mehmonxonalar, xususiy klinikalar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa tadbirkorlik subyektlari hamda davlat tashkilotlarida ishlovchi shaxslar tomonidan maʼlumotlarni moddiy mablagʻ evaziga sotish holatlari, yaʼni “maʼlumotlar qora bozori” yuzaga kelgani ham kuzatilmoqda.
Shuningdek, internet tarmogʻida xakerlar tomonidan yaratilgan, shaxsga oid maʼlumotlarni oʻgʻirlashga qaratilgan Windows, MacOS, Linux, Unix, Android, IOS va boshqa shu kabi operatsion tizimlar muhitida ishlovchi ilovalar hamda niqoblangan elektron dasturlar tarqatilmoqda.
Internet foydalanuvchilari zararli dasturlarni oʻyinlar, qoʻllanmalar, fotosuratlar, elektron hujjatlar, elektron xatlar va boshqa koʻrinishlarda qabul qilib olishadi va natijada shaxsga oid deb qaralayotgan abonentlar kontakt roʻyxati, kirish va chiqish qoʻngʻiroqlar tarixi, akkauntlarga tegishli parollar, bank hisob raqamlari, bank kredit/debit kartalari maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar zararli dastur muallifiga yashirin tarzda yuboriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, barcha fuqarolar tomonidan axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda axborot xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Chunki, har birimiz bank karta raqami, pin-kodini boshqalarga aytishda, shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilishida ehtiyotkorlik choralarini koʻrmasak, oʻzimiz toʻgʻrimizdagi shaxsiy maʼlumotlarni oshkor etilishiga sababchi boʻlgan hisoblanamiz.
Fuqarolardan kelgusida oʻzlari toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlarini oshkor etilishini oldini olish maqsadida quyidagilarga rioya etishlari tavsiya etiladi:
- Internet tarmogʻidagi har qanday manba orqali shaxsingizga oid maʼlumotlaringizni tarqatmang.
- Yuqori daromadli ish taklif qiluvchilardan ehtiyot boʻling.
- Sizga notanish boʻlgan foydalanuvchilar bilan messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va forumlar orqali muloqot qilishda shaxsiy maʼlumotlaringizni taqdim etmang.
- Shubhali fayllar va ilovalarni ochib koʻrmang.
- Nomaʼlum va shubhali manbalardan maʼlumotlar yuklab olmang.
- Shubhali havolalarni ochib koʻrmang.
Najmiddin TURAXODJAYEV,
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring