Botir Ahmedov sobiq jahon chempionini magʻlub etdi

20:23 27 Iyun 2021 Sport
1683 0

Bugun Oʻzbekiston vaqti bilan tong otar paytida AQSHning Atlanta shahrida professional boksning WBA yoʻnalishi boʻyicha bir qator reyting janglari oʻtkazildi.

Biz oʻzbekistonliklar uchun mazkur musobaqaning ahamiyatli jihati shundaki, unda hamyurtimiz, asli sirdaryolik, hozir Rossiya bayrogʻi ostida jang olib borayotgan Botir Ahmedov birinchi yarim yengil vaznda (63,5 kg) sobiq jahon chempioni, dominikanlik Arxenis Mendes bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

34 yoshli Mendes professional boksda juda katta tajribaga ega boʻlgan bokschi. Faoliyati mobaynida 25 ta jang oʻtkazgan sobiq jahon chempioni 12 raundga moʻljallangan boks oqshomida hamyurtimizga oʻziga xos tarzda “saboq” berish uchun munosib jang olib bordi. Hattoki ayrim raundlarda Ahmedovni muvozanatdan chiqarishga ham erishdi.

Ammo professional boksda oʻz oʻrnini tobora mustahkamlab kelayotgan (9ta jangning 8 tasini gʻalaba bilan yakunlagan) oʻzbek bokschisi Ahmedov mamlakatimizda oʻtkazilgan musobaqalardagi tajribasi, Rossiyadagi oʻquv-mashgʻulotlardagi koʻnikmalari natijasida professional boksning “eski gvardiyasi” sardoriga munosib qarshilik koʻrsatdi va 8-raundda Mendesning ringa chiqishdan bosh tortishi oqibatida gʻoliblikka erishdi. Aslida Botirning raundlar mobaynidagi kuchli va taktik zarbalari oʻz soʻzini aytdi.

Shunday qilib, Botir Ahmedov professional boksning WBA yoʻnalishida chempionlikka daʼvogarlik oʻrnini mustahkamlab oldi.

Aytish lozimki, professional boksning ushbu yoʻnalishi va vaznida Shohjahon Ergashev, Shahram Gʻiyosov va Botir Ahmedov chempionlik kamari uchun daʼvogarlik qilib kelmoqda. Shu kungacha, yaʼni joriy yilning iyun oyi holatiga koʻra, WBA tasnifida Shahram 3-oʻrinni, Botir 4-oʻrinni, Shohjahon esa 8-oʻrinni egallab kelayotgandi. Ahmedovning bugungi gʻalabasi esa uni chempionlikka asosiy daʼvogar maqomiga olib chiqishi, shubhasiz. Asli sirdaryolik, hozir Rossiya nomidan ringga koʻtarilayotgan Botirning ushbu gʻalabasi xususida vRINGe.com sayti batafsil maʼlumot keltirib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер