Toshkent viloyatida 21 yoshli yigit 60 yoshli kirakashni 42-marta pichoqlab oʻldirdi

20:19 10 Mart 2021 Jamiyat
9165 0

2020-yil 17-mart kuni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani IIBga “Birlik” MFY hududidan oʻtuvchi Toʻytepa-Oqqurgʻon-Yangiyoʻl avtomagistral yoʻli chetidagi dala maydonida yoshi taxminan 60larda boʻlgan nomaʼlum erkak kishining murdasi yotgani haqida xabar kelib tushadi. Shundan soʻng tezkor tergov guruhi tuzilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu haqda “Oʻzbekiston” telekanalining “Bir jinoyat izidan” koʻrsatuvida xabar qilindi.

Sud tibbiy-ekspertiza xulosasiga koʻra, marhumning tanasida 42ta jarohat izi topilgan va u koʻp qon yoʻqotish natijasida vafot etgan.

Shu kunning oʻzida Toshkent viloyat prokuraturasi xodimlari murdaning shaxsini aniqlagan. Marhum oʻzining «Matiz» avtomashinasida kirakashlik qiluvchi, 1960-yilda Oqqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan Davlatboy Xoliqulov boʻlib chiqqan.

«Dastlabki tergov harakatlari davomida 1999-yilda tugʻilgan Javohir Mirahmedov oʻzining jinoiy sherigi Sardor Hikmatillayev bilan fuqarolarni avtomashinasini talonchilik, bosqinchilik yoʻli bilan egallab, qismlarga boʻlib mashina ehtiyot qismlarini sotish orqali boylik orttirishni oʻziga maqsad qilib olgan», deydi Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi Azimjon Yoʻldoshev.

Jinoyat tafsilotlariga koʻra, 1999-yili Chinoz tumanida tugʻilgan Javohir Mirahmedov 2020-yilning 16-mart kunidan 17-mart kuniga oʻtar kechasi Toshkent-Doʻstobod avtomagistral yoʻliga chiqib Davlatboy Xoliqulov boshqaruvidagi «Matiz» rusumli avtomashinani toʻxtatib yoʻlovchi sifatida oʻtiradi va Yangiyoʻl tumanigacha borishini aytadi. Avtomashinada boʻlgan qolgan yoʻlovchilar tushib qolgach J.Mirahmedov oʻzida olib yurgan pichogʻi bilan haydovchiga hujum qiladi. U marhumga jami 42 marotaba kesuvchi-sanchuvchi jarohat yetkazgan va avtomashinani sherigi Sardor Hikmatillayevni uyiga olib borib bergan.

S.Hikmatillayev mashinani ehtiyot qismlarga ajratish uchun qarindoshi Majid Umarovni yordamga chaqiradi va dalillar yoʻq qilinadi.

«Ayblanuvchilar Javohir Mirahmedov, Sardor Hikmatillayev, Majid Umarovlarga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining tegishli bandlari hamda Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan ayb eʼlon qilinib, ayblari dastlabki tergov jarayonlarida oʻz tasdigʻini topdi va sudga yuborildi», deydi Toshkent viloyat prokuraturasi boʻlim boshligʻi Abdurahmon Hojiyev.

Jinoyatchilar mashinaning ayrim ehtiyot qismlarini Sergeli mashina bozoriga olib chiqib sotib yuborgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudining 2020-yil 7-sentyabrdagi hukmiga koʻra, Javohir Mirahmedov 18 yil, Sardor Hikmatillayev 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, Majid Umarovga esa 4 yil-u 6 oyga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер