Prezident Farmonidagi 10 ming qadam yurganga pul toʻlash haqidagi “vaʼda” hukumat qarori loyihasiga kelib “unutildi”mi?

18:53 28 Yanvar 2021 Jamiyat
5040 0

2020-yil 30-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan edi.

Ushbu Farmonda aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratilishi belgilangan edi.

Unga koʻra, “bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming soʻm;

bir oyda bir marta tuman (shahar) boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 300 ming soʻm, hududlar boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 500 ming soʻm, respublika boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 1 mln soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkaziladi”, deyiladi Davlat rahbari imzolagan hujjatda. Farmondagi mazkur band jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotgan edi.

Shuningdek, Farmonda mazkur ishlarni moliyalashtirish aholi salomatligi uchun zararli boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yigʻim joriy etish hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

“Sogʻlom turmush tarzi” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat koʻrsatish va keyinchalik modernizatsiyalash boʻyicha buyurtmachining funksiyalari Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatilgan.

Bugun Hukumatning “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”ga qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Biroq unda Prezident Farmonida keltirilgan fuqarolar elektron hamyoniga pul toʻlash haqidagi tartiblar aks etmagan. Shu bois hujjat loyihasi ancha tushunarsiz, bir qancha savollar keltirib chiqarmoqda.

Xususan, qaror loyihasida “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarini har chorak yakuni boʻyicha baholash reyting tartibi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasiga berilgan tushuntirish xatida aytilishicha, Prezidentning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

“Sogʻlom turmush tarzi” platformasi 2021-yil 1-martga qadar ishlab chiqiladi.

2021-yilning 1-martdan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni boʻyicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini amaliyotga joriy etilgandan soʻng undan roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sportni rivojlantirish natijalari yuzasidan Ishchi guruh tomonidan shakllantirilgan hisobotlar asosida har chorak yakuni boʻyicha vazirlik va idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish amaliyotini joriy etgan holda ularning ochiq reytingini shakllantiradi.

Tashkilotlarning rahbarlarini sport natijalari reytingi har chorak yakuni boʻyicha toʻplagan umumiy ballarini aniqlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Sport natijalari boʻyicha gʻolib tashkilotlarni aniqlash quyidagicha amalga oshiriladi:

a) “Sogʻlom turmush tarzi” platformasidan roʻyxatdan oʻtgan tashkilot xodimlari soni (jami xodimlar soniga nisbatan foizda) – 25 ballgacha;

bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan eng koʻp tashkilot xodimlari soni (jami xodimlar soniga nisbatan foizda) – 20 ballgacha;

ushbu sport natijalarini eng koʻp muntazam ravishda (har bir xodim 7 kunda kamida 2-marta) davom ettirayotgan tashkilot xodimlari soni uchun – 20 ballgacha;

bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan tashkilotning 50 yoshdan oshgan eng koʻp xodimlari uchun qoʻshimcha ravishda – 10 ballgacha baholanadi.

b) tashkilotlarda rahbar va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishlari uchun maxsus sport komplekslari (trenajyor, fitnes zallar va boshqalar) tashkil etilganligi – 10 ballgacha;

tashkilot xodimlari oʻrtasida sport musobaqalari tashkil etilganligi (haftada kamida bir marta) – 15 ballgacha.

Tashkilotlarning sport natijalari 100 ballik reyting tizimi asosida quyidagicha baholanadi:

85,0 – 100 ball toʻplanganda – “namunali”;

71,0 – 84,9 ball toʻplaganda – “yaxshi”;

50,0 – 70,9 ball toʻplaganda – “qoniqarli”;

49,9 ball va undan kam ball toʻplaganda “qoniqarsiz”.

Tashkilotlarning sport natijalari boʻyicha yakuniy reyting baholari Ishchi guruh bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.

Har chorak yakunida reyting ballari natijalari boʻyicha “namunali” deb topilgan tashkilotlar rahbarlarini ragʻbatlantirish mos ravishda tuman (shahar), hududiy va Respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

Hukumat qarori loyihasida bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming soʻm;

bir oyda bir marta tuman (shahar) boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 300 ming soʻm, hududlar boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 500 ming soʻm, respublika boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 1 mln soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkazilishi haqida hech bir oʻrinda aytib oʻtilmagan.

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер