Samarqand shahrini Jomboy va Oqdaryo tumanlari bilan bogʻlaydigan zamonaviy koʻprik qurildi

09:21 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
1965 0

Oqdaryo daryosining Samarqand shahar Shirin mahallasiga yaqin hududida “Samarqand yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi tomonidan bunyod etilgan zamonaviy koʻprik foydalanishga topshirildi.

— Koʻprik loyihasining umumiy qiymati 3,5 milliard soʻmni tashkil etdi, - deydi “Samarqand yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi direktori Murodxon Hojixonov. - Uning umumiy uzunligi 90 metr, eni esa 7,5 metr. 100 tonnagacha yukni koʻtarish quvvatiga ega. Koʻprik karantin ehtiyot choralariga qatʼiy amal qilingan holda 5 oy davomida qurib bitkazildi. Unga zarur mablagʻ toʻliq korxonamiz hisobidan sarflandi. Koʻprikka tutash daryo yoqasidagi 200 metr maydon obodonlashtirilib, piyodalar yoʻlagi yotqizildi, zamonaviy avtobekat qurildi.

Mustahkam yoʻl oʻtkazgich bu hududga yaqin aholi uchun katta qulaylik yaratdi. 

— 35 yildan buyon Xolvoyi qishlogʻida yashayman, - deydi Gulnoza Qudratova. - Samarqand shahrining Yangiobod mahallasida qarindoshlarim, Oqdaryoning Boshdarxon qishlogʻida qudalarim istiqomat qiladi. Shu paytgacha ularnikiga borib-kelish azob edi. Kichkina, xavfsiz koʻprikdan jonimizni hovuchlab oʻtardik. Bugun, mana, keng, mustahkam koʻprik qurildi. Bunday qulaylikdan mamnunmiz, qarindoshlarimiznikiga, qolaversa bozor-oʻcharga bemalol borib kelyapmiz, ogʻirimiz yengil, uzogʻimiz yaqin boʻldi.

Endilikda bu yerdan har qanday transport vositasi bemalol harakatlanadigan, odamlar esa keng koʻprikdan oʻtib-qaytadigan boʻldi.

— Qirq yildan buyon texnika rolini boshqaraman, - deydi oʻzini Hamid aka deb tanishtirgan Shirin mahallasida yashovchi haydovchi. - Yillar davomida bu yerda biror oddiy boʻlsayam koʻprik boʻlmaganligi sababli Boshdarxon qishlogʻiga bormoqchi boʻlsak, yo Farhod shaharchasidagi koʻprik orqali yoki Oqdaryoning “Toshkent - Buxoro” magistral yoʻliga chiqib, aylanma yoʻldan kelishga majbur boʻlardik. Endi esa har qanday yuk bilan yuz metr yursak Boshdarxonga, undan 3 kilometrdan soʻng Samarqand shahriga yetamiz.

Darvoqe, koʻprik usti yangicha dizayn bilan bezatilib, kechki payt turli ranglarda yonadigan chiroqlar bilan ham jihozlangan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер