Nyu-Yorkdan navbatdagi charter reys bilan 233 yoʻlovchi olib kelindi

11:57 14 Avgust 2020 Jamiyat
1494 0

Nyu-Yorkdan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotida navbatdagi charter reys bilan 233 nafar yoʻlovchi Toshkentga olib kelindi.

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi axborotiga koʻra, maxsus reys Respublika maxsus komissiyasining charter reyslarni tashkil etish jadvaliga muvofiq mahalliy vaqt bilan 13:00 da (Toshkent vaqti bilan 22.00) Jon Kennedi xalqaro aeroportidan amalga oshirildi. Samolyot bugun kunning birinchi yarmida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻnishi kutilmoqda.

Samolyot bortida AQSH va Kanadada vaqtincha va doimiy yashayotgan 214 nafar Oʻzbekiston fuqarosi (shundan 10 nafari yosh bolalar), AQSHning Toshkentdagi elchixonasining 14 nafar diplomati va ular oila aʼzolari, shuningdek, Toshkent shahridagi xalqaro maktablarga ishlash uchun taklif etilgan 5 nafar oʻqituvchi bor.

Barcha yoʻlovchilar aviachiptalarni sotib olish va roʻyxatdan oʻtkazish paytida ular talabiga binoan maxsus ajratilgan joylar va mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda qolish qoidalariga rioya qilishlari zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi diplomatlarimizga koʻra, iyun-avgust oylarida Amerika qitʼasidan 1 ming 414 nafar Oʻzbekiston fuqarosi, shuningdek, 45 nafar chet davlat fuqarosi mamlakatmizga olib kelingan.

Mazkur charter reys uchun yoʻlovchilar roʻyxatini shakllantirish iyun oyida boshlangan. Shundan buyon Oʻzbekistonga qaytishga koʻmaklashishni soʻrab 853 nafar vatandosh murojaat qildi. Lekin, roʻyxatga olinganlardan 564 nafari Oʻzbekistonga kelish fikridan qaytishganini maʼlum qildi. Ular “Toshkent – Nyu-York – Toshkent” yoʻnalishidagi muntazam parvozlar tiklanishini hamda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yumshashini kutishga qaror qildi.

13-avgust holatiga koʻra, Oʻzbekistonga qaytish maqsadida tashkil qilinadigan navbatdagi reys uchun roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar soni 75 kishini tashkil etmoqda.

Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi diplomatik vakolatxonalarimiz, “Toshkent – Nyu-York – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha maxsus charter reyslarni amalga oshirish Respublika maxsus komissiyasining oldindan tasdiqlangan qaroriga binoan amalga oshirilishini, ular jadvali OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishini eslatib oʻtdi.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekistonning Vashingtondagi va Nyu-Yorkdagi diplomatik vakolatxonalari kelgusi oylarda Toshkentga borishni rejalashtirgan vatandoshlardan elchixona yoki Bosh konsulxonaga murojaat qilib, yoʻlovchilar roʻyxatida qayd etilishni soʻramoqda. Konsullik idoralari vakillarining aloqa maʼlumotlari diplomatik vakolatxonalar veb-saytlarida mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер