Sarosimaga tushmaslik, birgalikda harakat qilish har qanday ofat oqibatlarini bartaraf etadi

Foto: Uzdaily.uz
Falokat toʻsatdan keladi.Uni yengishning bosh omili esa sarosimaga tushmaslik,birgalashib harakat qilishdir. Ha,hamjihatlik el boshiga ish tushganda bilinadi, sinovdan oʻtadi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, kecha Sardoba suv omborida yuz bergan suv toshqini ham xalqimizning qanchalar matonatli ekanligining yana bir imtihoni boʻldi.
Prezidentimizning ofat roʻy bergan manzilga zudlik bilan yetib kelib,toshqinni toʻxtatish va uning salbiy oqibatlarini oldini olish, aholini xavfdan xoli joylarga evakuatsiya qilishga shaxsan oʻzlari bosh boʻlganliklari esa barchaga katta kuch bagʻishladi.
Oʻtbosar ABDIYEV, Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari:
— Sirdaryo ahlining biyday choʻlni ming mashaqqatlarni yengib bogʻu boʻstonga aylantirgan matonatli odamlar ekanligini xalqimiz yaxshi biladi. Suv toshqini boʻlgan hududda ham ana shunday kishilar va ularning avlodlari yashashadi. Ular kecha roʻy bergan suv toshqinida ham oʻsha mardonalik, jasorat namunalarini koʻrsatdilar. Hamma bir tanu bir jon boʻlib, birgalashib, belgilangan tartiblarga oʻz vaqtida va qatiy rioya qilgan holda harakat qilganliklari oqibatida tez fursatda barcha aholi xavfli hududlardan olib chiqildi.
Koʻp oʻtmay Prezidentimiz ofat roʻy bergan hududga yetib kelib, zarur choralarni belgilab berdilar. Xususan, davlatimiz rahbari bunday vaziyatda mahallalarning masʼuliyati har qachongidan yuqori boʻlishi kerakligi, har bir mahalla raisi hamda profilaktika inspektori oʻz hududi aholisi bilan birga boʻlib, ularga har tomonlama yordam koʻrsatishlari zarurligini taʼkidladilar. Hozirda ofat oʻchogʻidagi har bir mahalla raisi, profilaktika inspektori va barcha xodimlari Prezidentimizning ushbu koʻrsatmasini toʻla toʻkis bajarishayotir. Suv toshqini boʻlib oʻtgan aholi punktlaridagi barcha kishilar xavfsiz hududlarga koʻchirilib, ularga yetarli sharoitlar yaratib berildi. Yana bir eʼtiborli jihati shuki, nafaqat viloyatimiz va balki mamlakatimizning barcha hududlaridan yordamlar joʻnatilmoqda. Bundan butun sirdaryoliklarning koʻngli togʻdek koʻtarilmoqda.
Shuhrat JALILOV, Sardoba tumanidagi Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻini raisi:
— Toshqinning dastlabki zarbasi bizning mahallamizga urildi. Xabar kelgan zahoti, yaʼni tong gʻira-shirasida ovozkuchaytigichlar orqali aholini tezlikda uylarini tark etishga chaqirdik. Va qisqa vaqtdayoq favqulodda vaziyatlar, hokimliklar va turli tashkilotlar bilan birgalikda odamlarni turli transport vositlarida xavfsiz joylarga koʻchirishga muvaffaq boʻldik. Umuman, mahalladoshlarimizning bir-birini qoʻllab-quvvatlovi va albatta, koʻz ochib yumguncha yetib kelgan qutqaruvchilarning tezkorliklari, mardona harakatlari tufayli, ofatning kelib chiqishi mumkin boʻlgan mudhish oqibatlarining oldi olindi. Hozir mahallamiz ahli xavfsiz maskanga joylashtirilgan. Ularga suv toshqinining dastlabki daqiqalaridanoq davlatimiz va xalqimiz tomonidan koʻrsatilgan beqiyos koʻmak, gʻamxoʻrliklar, mehr-oqibat katta dalda boʻlmoqda.
Bashorat QODIROVA, Mirzaobod tumanidagi Navbahor mahallasida yashovchi mehnat faxriysi:
— Taʼbir joiz boʻlsa aytayin, toshqin qanchalar shiddatli boʻlmasin, xalqimizning har qanday qiyinchilik oldida esankiramay, unga qarshi Muhtaram Prezidentimizning shaxsan oʻzlari rahbarligida zalvorli toʻlqindek birlashib kurashishi tufayli Sardoba suv omboridan suv oqib chiqishi tezda jilovlandi. Va suv ombori etagida yashayotgan barcha aholidagi xavotir oʻrnini ertangi kunga boʻlgan ishonch, koʻnglini xotirjamlik egalladi. Ularning hayoti mustahkam qalqon — davlatmiznig doimiy hifzi himoyasida ekanliklarini dildan his etishdi.
Mahalladoshlarimizga dalda boʻlgan yana bir narsa shuki, ularning boshiga tushgan ofatni yengishga butun mamlakat xalqi yelkadosh boʻlmoqda. Bu esa roʻy bergan falokat oqibatlari tez orada bartaraf etilishi va yaratuvchilik, tinch- xotirjam hayotlari oʻz iziga tushishiga boʻlgan ishonchlarini orttirmoqda.
Eng muhimi, biz navbahorliklar hozirda qishlogʻimizdan tashqarida boʻlsak-da, xavf butunlay bartaraf etilgach, jonajon goʻshamizni yana-da obod qilish, bogʻu rogʻlarimizni yashnatish haqidagi ezgu niyatlar bilan yashayapmiz.
Ahmadali ShERNAZAROV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring