Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

08:54 24 May 2019 Hujjatlar
3348 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 26-aprelda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 3-mayda maʼqullangan

1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 24-yanvarda qabul qilingan OʻRQ–461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 161-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:

1) 162-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ishni sud muhokamasiga tayyorlash boʻyicha harakatlar daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ajrimda bayon etilishi mumkin, bundan ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida sudgacha majlis oʻtkazish hollari mustasno”;

2) 163-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar mustasno, daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis oʻtkazishi mumkin”;

3) quyidagi mazmundagi 1631-modda bilan toʻldirilsin:

1631-modda. Sudgacha majlis

Sudgacha majlis oʻtkazish chogʻida sudya:

1) daʼvogarni oʻzi arz qilgan talablarning mohiyati boʻyicha soʻroq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur boʻlsa, daʼvogarga qoʻshimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

2) ishning holatlari boʻyicha javobgarni soʻroq qiladi, daʼvogarning talablariga qarshi uning qanday eʼtirozlari borligini va bu eʼtirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga daʼvogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qoʻzgʻatish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar boʻyicha koʻrish uchun toʻsqinlik qilmaydi;

3) taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

4) ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud boʻlganda ularning roʻyxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi;

5) sud majlisida hozir boʻlgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular oʻrtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi boʻyicha kelishuv, ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.

Sudgacha majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni taʼminlaydigan sud chaqiruv qogʻozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

Sudgacha majlis oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar koʻrsatiladi: sudgacha majlis oʻtkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar. 

Taraflar kelmagan taqdirda, sudya ushbu Kodeks 163-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish toʻxtatib turilishi yoki tugatilishi, daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilishi mumkin”;

4) 171-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, shu jumladan:

tarafning iltimosnomasi boʻyicha, u nizoni kelishuv yoʻli bilan hal qilish maqsadida suddan koʻmaklashishni soʻrab murojaat qilgan taqdirda;

agar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs sud majlisiga kela olmasligi sabablarini asoslagan holda sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilgan boʻlsa va basharti ushbu shaxsning ishtirokisiz ishni koʻrish mumkin boʻlmasa;

ishda ishtirok etuvchi shaxsning oʻz vakili sud majlisiga uzrli sababga koʻra kela olmaganligi munosabati bilan qilgan iltimosnomasi boʻyicha;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi, agar sud ishni ushbu shaxsning ishtirokisiz koʻrish mumkin emas deb hisoblasa, kelmagan taqdirda;

tarafning qoʻshimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bogʻliq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi boʻyicha;

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilayotganda videokonferensaloqa oʻrnatish imkoni boʻlmagan taqdirda;

sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi kelmagan va koʻrsatilgan shaxsning sud muhokamasining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida dalillar mavjud boʻlmagan taqdirda;

ishga daxldor boʻlmagan javobgarni ishga daxldor boʻlgan javobgar bilan almashtirish zarur boʻlgan taqdirda;

nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketgan tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtirish zarur boʻlgan taqdirda;

ikkinchi javobgarni yoki uchinchi tarafni ishda ishtirok etish uchun jalb etish zarur boʻlgan taqdirda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Sud muhokamasi uni keyinga qoldirishga asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddatga ushbu Kodeksda sud muhokamasi uchun nazarda tutilgan muddat doirasida, biroq koʻpi bilan oʻn kunga qoldirilishi mumkin.

Sud muhokamasini keyinga qoldirishlar soni uch martadan oshmasligi kerak.

Sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.

Agar sud majlisida taraflar hozir boʻlsa, sud kelgan guvohlarni sud muhokamasi keyinga qoldirilguniga qadar soʻroq qilishga haqli. Bu guvohlarning koʻrsatuvlari yangi sud majlisida oʻqib eshittiriladi. Ushbu guvohlarni yangi sud majlisiga takroran chaqirish faqat zarur hollarda amalga oshiriladi.

Ishda ishtirok etuvchi, ammo sud majlisiga kelmagan shaxslar ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda yangi sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladigan tilxat orqali xabardor qilinadi.

Sud muhokamasi keyinga qoldirilganidan soʻng davom ettiriladi.

Zarur boʻlgan taqdirda ishning muhokamasi u qoldirilganidan keyin boshidan boshlanadi”.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер