Javohir Sindarovga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi
Shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Sindarov Javohir Sanjarbekovichga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan mamlakatimizda shaxmat sport turini yanada rivojlantirishga, xalqimiz oʻrtasida ushbu sport turini ommalashtirishga qoʻshayotgan ulkan hissasi, el-yurtimiz oldidagi farzandlik burchiga sodiq qolib, azmu shijoati, yuksak iroda va mahoratini, vatanparvarlik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani, jahon miqyosida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijaga erishgani, Yangi Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini dunyoga tarannum qilish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat, milliy gʻurur va iftixor tuygʻulari ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Sindarov Javohir Sanjarbekovichga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi.
Shaxmat boʻyicha Jahon kubogi sohibi boʻlgan shaxmatchimiz Prezident sovgʻasi — 3 xonali xonadon, uning murabbiylari esa pul mukofotlari bilan taqdirlanadi”, deb yozadi Sherzod Asadov.
Oʻzbekistonlik 19 yoshli grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Goa shahrida oʻtkazilgan FIDE Jahon kubogi – 2025 finalida gʻalaba qozonib, dunyo shaxmat taxtining yangi chempioniga aylandi.
Final bahsida Sindarov Xitoy vakili Vey I bilan hal qiluvchi duelga chiqdi va qora donalarda ishonchli oʻyin namoyish etib, raqibini magʻlubiyatga uchratdi. Shu tariqa, u Jahon kubogining bosh sovrini 120 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdi. Eng muhimi, bu gʻalaba unga 2026-yilgi Nomzodlar turniriga rasmiy yoʻllanmani ham taqdim etdi. Bu shaxmat olamida eng yuksak marralardan.
Shuningdek, Javohirning ushbu natijasi Oʻzbekiston shaxmat maktabining kuchini yana bir bor isbotladi. Qayd etish joizki, bundan 21 yil avval Rustam Qosimjonov ham Jahon kubogi sohibi boʻlib, tarixga kirgan edi. Bugun esa Javohir Sindarov ana shu faxrli anʼanani davom ettirdi.
Murosasiz bahslarda kechgan oʻyinga qisqacha toʻxtalmasak boʻlmaydi. Tay-brekning birinchi partiyasida Vey I 30-yurishda jiddiy xatoga yoʻl qoʻydi. Biroq vaziyat murakkab boʻlgani bois, Javohir yutuqqa eltuvchi yagona variantni darhol topa olmadi va partiya durang bilan yakunlandi. Shunga qaramay, asosiy qarama-qarshilikda Sindarov oʻzini qoʻlga oldi, raqibining zaif nuqtalarini topdi va qatʼiyat bilan gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring