Keyingi oʻquv yilidan “Informatika” fani oʻquv dasturlariga sunʼiy intellektga oid mavzular kiritiladi

14:52 21 Oktyabr 2025 Siyosat
237 0

“Sunʼiy intellektni rivojlantirish faqat zamonaviy infratuzilma va algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga ham bogʻliq. Bu sohaning asosi – matematika va informatika. Shu bois, kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktabdan boshlash kerak”, – dedi Prezident.

Keyingi oʻquv yilidan “Informatika” fani oʻquv dasturlariga sunʼiy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida sunʼiy intellekt boʻyicha bu yil 100 nafar, keyingi yil 1 ming 300 nafar trener-oʻqituvchi tayyorlanadi. Ular esa kaskad tartibida maktab va oliygohlardagi informatika oʻqituvchilarini oʻqitadi. Har yili eng yaxshi 100 nafar informatika oʻqituvchisi xuddi vazirlik va hokimliklarning salohiyatli mutaxassislari kabi sunʼiy intellekt rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

“Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihasi ham boshlandi. Bu yil 100 ming, kelasi yil kamida 500 ming yoshlar oʻqitiladi.

Loyiha bilan maktab oʻquvchilarini ham qamrab olish muhimligi taʼkidlandi. Bundan buyon har yili sunʼiy intellekt boʻyicha milliy tanlov oʻtkazilib, eng yuqori natija koʻrsatgan yoshlar, ularning ustozlari va taʼlim tashkilotlari munosib ragʻbatlantiriladi.

Bunda 500 nafar yoshlar – noutbuk, 100 nafar oʻqituvchi – 1 ming dollardan mukofot, 2 ta taʼlim tashkiloti – elektromobil bilan taqdirlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?