Oʻzbekistonlik jurnalistlar II Oʻzbekiston–Ozarbayjon media-forumi arafasida Bokudagi yetakchi oliygohlarda boʻldi

II Oʻzbekiston–Ozarbayjon media-forumi arafasida oʻzbekistonlik jurnalistlar Boku shahridagi yetakchi oliygohlardan biri, “Azerbaijan Diplomatic Academy” universitetiga tashrif buyurdi.
Ushbu universitetda oʻtkazilgan treningda jurnalistlar faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanishning afzalliklari, muammolari va turli stereotiplar, shuningdek, anʼanaviy OAVning raqamli transformatsiyasi masalalari muhokama qilindi.
“Azerbaijan Diplomatic Academy” (ADA )universiteti 2014-yil yanvar oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, diplomatik akademiya hamda Axborot texnologiyalari universitetining huquqiy vorisi hisoblanadi. Hozirda mazkur OTMda qariyb 5 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 300 nafarga yaqini xorijlik yoshlardir. Oliygohda davlat boshqaruvi, xalqaro munosabatlar, huquqshunoslik, pedagogika, axborot texnologiyalari va qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan yettita fakultet faoliyat yuritadi.
2024-yil fevral oyida ADA universiteti delegatsiyasi Oʻzbekistonda boʻlib, Toshkent va Samarqanddagi qator oliy va oʻrta taʼlim muassasalarida oʻzining bakalavr, magistr hamda ilmiy dasturlarini taqdim etgan edi. Soʻnggi yillarda ushbu taʼlim maskanini yurtimiz va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan iqtidorli talabalar ham tanlamoqda.
“Universitetimizda qariyb 50 mamlakatdan kelgan talabalar tahsil oladi. Dunyo boʻyicha 189 yetakchi oliygoh bilan sheriklik aloqalarimiz mavjud. Bitiruvchilarimizning 90 foizdan ortigʻi oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashmoqda”, — deydi universitetning malaka oshirish korporativ dasturi menejeri Fatima Isayeva.
ADA universiteti oʻzining malaka oshirish dasturi bilan mashhur. Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning davlat va xususiy sektoridan olti mingga yaqin mutaxassislar ushbu OTMni muvaffaqiyatli tamomlagan. Ushbu malaka oshirish dasturi Ozarbayjon Respublikasi Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi rahbari Laman Iskanderovaning taʼkidlashicha, mazkur idora Oʻzbekiston bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Bu jarayon 2023-yil avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi chogʻida imzolangan “yoʻl xaritasi” doirasida amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekistonlik jurnalistlar ushbu universitetga tashrifi doirasida oliygohning tashkil etilish tarixi bilan tanishgach, sunʼiy intellektdan media makonida foydalanishga bagʻishlangan treningda ishtirok etdi. Unda amerikalik taniqli mutaxassis, aloqa va madaniyat fanlari nomzodi, jurnalistika magistri, “Valparaiso” universiteti dotsenti Tiffani Bell AQSH va Yevropadagi tajribasi bilan boʻlishdi.
Bundan tashqari, trening ishtirokchilari “The Wall Street Journal”, “The New York Times” va “Guardian” kabi yirik nashrlarda sunʼiy intellektdan foydalanishning muvaffaqiyatli va samarasiz tajribalari bilan tanishdi. Shuningdek, sunʼiy intellekt modellarining imkoniyatlari va ular orqali jurnalistikada ish samaradorligini oshirish usullari muhokama qilindi. Shuningdek, sunʼiy intellekt salbiy jihatlar, jumladan, maʼlumotlarning notoʻgʻri yoki ataylab buzib taqdim etilishi, tengsizlik kuchayishi, jurnalistik materiallarda individuallik yoʻqolishi kabi holatlarni ochib beruvchi tadqiqotlar ham taqdim etildi.
Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik jurnalistlar ham yurtimizda sunʼiy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborot berdi.
Delegatsiya aʼzolari shu kuni Boku davlat universiteti Jurnalistika fakultetida ham boʻldi. 1920-yilning oxirlarida tashkil etilgan bu fakultet mintaqa boʻyicha eng qadimiy taʼlim maskanlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonlik jurnalistlar mazkur fakultet rahbariyati va professor-ustozlari bilan uchrashib, zamonaviy media sohasidagi dolzarb masalalar va ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv davomida mediamaxorat va kasbiy-axloqiy standartlarni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtira oladigan mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir soʻnggida oʻzbekistonlik jurnalistlar fakultetning oʻquv dasturlari, televizion va radiostudiyalari bilan tanishib, kelgusida hamkorlik qilish uchun yangi aloqalar oʻrnatdi.
Bundan tashqari, ayni vaqtda Ozarbayjonda boʻlib turgan oʻzbekistonlik jurnalistlar ishtirokida Boku davlat universitetida (BDU) “Raqamli transformatsiya va media” mavzusida II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media-forumi ham oʻtkazildi.
Mazkur media-forumda ikki davlat ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
BDU Jurnalistika fakulteti dekani Vugar Aliyevning taʼkidlashicha, bugungi kunda Ozarbayjon va Oʻzbekiston munosabatlari barcha sohalarda yuqori darajada rivojlanmoqda. Jumladan, matbuot sohasida ham qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida Vugar Aliyev fakultetning professional jurnalist kadrlarni tayyorlash yoʻnalishidagi tajribasi bilan boʻlishdi. Uning aytishicha, BDU Jurnalistika fakulteti sobiq Sovet ittifoqi makonida jurnalistika boʻyicha oliy maʼlumot bergan ilk fakultet hisoblanadi.
Boku davlat universiteti Xalqaro aloqalar boʻlimi mudiri Rauf Hasanov ham oʻzbekistonlik jurnalistlarga universitetning taʼlim, ilmiy faoliyat va xalqaro aloqalari haqida maʼlumot berdi. U soʻnggi yillarda mazkur universitet Oʻzbekistonning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangani hamda talabalar va oʻqituvchilar almashinuv dasturlari amalga oshirilganini qayd etdi.
Shuningdek, 29-sentyabr kuni Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligida ham II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media-forumida ishtirok etish maqsadida ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Mazkur uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat media sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi.
Mediani rivojlantirish agentligi ijrochi direktori Axmad Ismoilov ikki mamlakat oʻrtasida turli sohalarda, jumladan, media yoʻnalishidagi munosabatlar muvaffaqiyatli rivojlanayotganini qayd etdi. Shuningdek, oʻzaro tajriba va axborot almashish, qoʻshma loyihalarni tashkil etish, shu bilan birga, professional kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan tashabbuslar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.
Fazliddin Abilov/“Xalq soʻzi”,
Ozarbayjon, Boku.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
- Sardobaning siri nimada?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring