NATOda Rossiya havo hujumlariga javob masalasida kelishmovchilik kuzatilmoqda

NATO aʼzolari Rossiya harbiy samolyotlarining alyans havo hududini buzishiga qanday javob qaytarish masalasida ikki qarama-qarshi lagerga boʻlindi. AQSH, Polsha va Boltiqboʻyi davlatlari qonunbuzarliklarga kuch bilan javob berishni taklif qilsa, Germaniya va qator Yevropa mamlakatlari ehtiyotkorlikka chaqiryapti.
Mavzu Shimoliy Atlantika kengashining seshanba kuni oʻtkazilgan favqulodda yigʻilishida koʻtarildi. Ushbu yigʻilishni Estoniya oʻtgan haftada rus qiruvchi samolyotlarining 12 daqiqa davomida uning havo hududini buzganidan keyin chaqirgan.
Uchrashuvdan keyin Polsha va Estoniya vakillari qoʻshma bayonotda Rossiya qoidabuzarliklariga aniq kuch bilan javob berish lozimligini bildirdi. Amalda NATO xalqaro huquq asosida bunday chora koʻrishga haqli.
Shu bilan birga, NATOning Yevropadagi ittifoqchi qoʻshinlari oliy qoʻmondoni, AQSH generali Aleksus Grinkevich Rossiya samolyotlari Estoniyaga tasodifiy kirib qolgan boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. Uning aytishicha, ayrim rus uchuvchilari tajribasiz va yetarlicha tayyorgarlik koʻrmagan.
“NATO xalqaro huquqqa muvofiq oʻzini himoya qilish va barcha tahdidlarning oldini olish uchun harbiy va noharbiy vositalardan foydalanishda davom etadi. Javob berish vaqti, uslubi va koʻlamini biz oʻzimiz belgilaymiz”, — deyiladi alyansning yakuniy bayonotida.
Qiyin konsensus va siyosiy bahslar
Rasmiylar taʼkidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi kuchayayotgan hujumlari va harbiy kuchlarini Yevropa yaqinida joylashtirishi ortidan bu masalada yagona qarorga kelish juda qiyinlashgan.
Hatto uzoq vaqtdan beri Moskvaga nisbatan muloyim pozitsiyada deb hisoblangan sobiq prezident Donald Tramp ham seshanba kuni NATO rus samolyotlarini urib tushirishi lozimligini aytdi.
Polsha tashqi ishlar vaziri Radek Sikorski BMTdagi chiqishida keskin ogohlantirdi:
“Agar yana raketa yoki samolyot hududimizga kirib kelsa va urib tushirilsa, bizga shikoyat bilan kelmanglar. Biz oldindan ogohlantirdik”.
Chexiya prezidenti Petr Pavel ham rus samolyotlariga qarshi qatʼiy chora koʻrishni qoʻllab-quvvatladi:
“Agar biz birlashmasak, ertami-kechmi bizni ham shunday taqdir kutyapti”, — dedi u.
Biroq Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb ehtiyotkorlikka chaqirdi. Ularga koʻra, Rossiyaning provokatsiyalariga qattiq javob berish ortiqcha eskalatsiya xavfini kuchaytiradi.
General Grinkevich ham qiruvchi samolyotni urib tushirish dronni yoʻq qilishdan koʻra xavfliroq ekanini taʼkidlab, aholi xavfsizligi va nazoratsiz eskalatsiyaga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.
Xavf va tahdidlar davom etmoqda
Soʻnggi haftalarda Rossiya Polshaga 21 ta dron uchirdi, ulardan baʼzilari NATO qiruvchilari tomonidan yoʻq qilingan. Rus uchuvchisiz samolyoti Ruminiya hududiga kirib bordi, uchta rus qiruvchisi Estoniya ustidan ruxsatsiz va transponderlari oʻchirilgan holda uchib oʻtdi. Germaniya mudofaa vaziri esa Boltiq dengizida Rossiya harbiy uchogʻi Germaniya fregati ustidan pastlab oʻtganini maʼlum qildi.
Norvegiya bu yilning oʻzida uch marta havo hududini Rossiya buzganini rasman qayd etdi.
NATO rasmiylari vaziyat oʻta murakkabligini, Moskva alyansning himoya salohiyatini sinayotganini va har bir qaror jiddiy hisob-kitob talab qilishini eslatmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring