“Buxoro” oʻz tarixida ilk bor mamlakat kubogi finalida oʻynaydi

25-sentyabr oqshomi buxorolik futbol muxlislariga uzoq kutilgan quvonchli damlarni hadya etdi. “Buxoro” jamoasi Oʻzbekiston kubogi yarim finalida Jizzaxning “Sugʻdiyona” jamoasi ustidan 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Aytish kerakki, uchrashuv keskin kurashlar ostida kechdi. Dastlabki daqiqalarda tashabbus maydon egalari tomonida boʻldi. Bu hisobda ham oʻz aksini topdi. Chiroyli kombinatsiyalaridan birini Dominik Begich kuchli zarbasi bilan nihoyasiga yetkazdi. Goldan ruhlangan “Buxoro” futbolchilari raqibga bosim oʻtkazishda davom etdi. Bu uchrashuvning 25 – daqiqasida oʻz samarasini berdi. Qanotdan oshirib berilgan toʻpni yana bir legioner oʻyinchi – Franke Ikich boshi bilan darvoza toʻriga yoʻlladi.
Ammo tarkibida Lyupcho Doriyev, Filip Ivanovich, Jasur Jaloliddinov singari mahoratli futbolchilar boʻlgan “Sugʻdiyona” darhol oʻziga kelib, hujumlar uyushtirishga kirishdi. “Buxoro” himoya chizigʻida esa boʻshliqlar kuzatildi. Bundan raqib jamoa unumli foydalandi. Jasur Jaloliddinov aniq zarbasi bilan oʻrtadagi farqni qisqartirdi. Uchrashuv tugashiga sanoqli daqiqalar qolganida esa Filip Ivanovich “Buxoro” darvozasiga ikkinchi toʻpni kiritdi. Pirovardida gʻolib nomi qoʻshimcha boʻlimlarda aniqlandi. Zaxiradan maydonga tushgan yosh, umidli futbolchi Nodirbek Ahmadjonovning olisdan turib bergan kuchli zarbasi chiroyli, muhimi, aniq chiqdi. Shu tariqa omad maydon egalariga kulib boqdi.
-Bu gʻalaba avvalo jamoaniki,- dedi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Buxoro”da yaqinda bosh murabbiy sifatida ish boshlagan Aleksandr Xomyakov.- Bugungi bahs ogʻir kechdi. “Buxoro” menga ikkinchi bor kubok finalida oʻynash imkonini berdi. Hammaga rahmat.
-Jamoamizning hujumkor futbol koʻrsatib gʻalaba qozonganidan xursandmiz,- deydi “Buxoro”ning azaliy muxlislaridan biri Jamshid Sulaymonov.- Uning ana shunday mazmunli oʻyinini sogʻinib qolgandik. Bu gʻalaba bilan u ishqibozlar ishonchini qaytardi. Yangi bosh murabbiy Aleksand Xomyakovga kelsak, xabaringiz bor, oʻtgan yilda uning qoʻli ostida “Andijon” jamoasi mamlakat kubogini qoʻlga kiritgandi. Murabbiyning qadami qutlugʻ kelib, “Buxoro” ham kubok sohibiga aylansa ajab emas.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, hal qiluvchi bahsni Andijondagi “Bobur arena”da oʻtkazish belgilangan. Finalda “Buxoro” Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring