Prezident Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi

11:54 21 Aprel 2025 Siyosat
223 0

Foto: O‘FA

Futbol boʻyicha oʻn yetti yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga

Aziz farzandlarim!

O‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Caudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlar ushbu g‘alabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Baxt va zafar sizlarga doimo yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер