Toshkentda mast erkak pichoq bilan odamlarga tashlandi

16:10 20 Aprel 2025 Jamiyat
262 0

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak qoʻlida pichoq koʻtargancha fuqarolarga hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIB rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 18-aprel kuni taxminan soat 19:40 larda Shayxontohur tumani Sebzor koʻchasida joylashgan avtoturargohlardan birida oʻrnatilgan “tashvish tugmasi” bosilganligi haqida Toshkent shahar IIBB Qoʻriqlash boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan IIO xodimlari tomonidan aniqlanishicha, 1958-yilda tugʻilgan X.S. mast holatda boʻla turib, avtoturargoh qorovuli va boshqa fuqarolarni oshxona pichogʻi bilan qoʻrqitib, jamoat tartibini buzgan. Soʻng voqea joyidan qochib koʻp qavatli uylardan biriga kirib ketgan. Koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.S. ushlanib, yaqin oradagi IIBga olib borilgan.

“X.S. tomonidan pichoq bilan hech kimga tan jarohati yetkazilmagan”, deya taʼkidlanadi IIB xabarida.

Mazkur holat yuzasidan X.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 (“Mayda bezorilik”), 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) va 185 prim 2 (“Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish”) moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudiga taqdim etilgan.

Sud tomonidan ushbu shaxsga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер