Shakarga aksiz toʻlovi bekor qilinadi

16:33 18 Aprel 2025 Siyosat
228 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz biznes uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

“Mahalliy korxonalarimizga yoʻl ochib, ishlab chiqarishni koʻpaytirish, qimmat bozorlarga yangi-yangi mahsulotlar bilan kirishiga sharoit yaratishimiz zarur”, dedi davlat rahbari.

Lekin ayrim tovarlar bozorlarimizga sunʼiy pasaygan narxda kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarning oʻrnini zaiflashtirayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, oʻzimizda chiqayotgan tannarxi 220 dollarlik kichik muzlatgich bozorda oʻrtacha 250 dollardan sotilayotgani uchun 30 dollar QQS toʻlanadi.

Xuddi shunday muzlatgichning import narxi sunʼiy pasaytirilib, 25 dollar koʻrsatilgani uchun bor-yoʻgʻi 3 dollar QQS olinyapti. Yaʼni, ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra koʻp soliq toʻlayapti.

Yangi farmon bilan endilikda chetdan olib kelinayotgan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash tartibi toʻliq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.

Salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy qilingan.

Lekin, barcha qonun-qoidalarga mos ishlayotgan tadbirkorlarning mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Hamma doʻkonlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.

Soliq va Bojxona qoʻmitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Qimmat bozorlarda talab yuqori boʻlgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qoʻyilgani uchun koʻplab imkoniyatlar qoʻldan boy berilayotgani qayd etildi.

Endilikda, 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov boʻlmasligi eʼlon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

Bu tadbirkorlarimiz uchun yangi imkoniyat ekani taʼkidlandi.

“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni koʻpaytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat boʻladi”, dedi Prezident.

Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmogʻi mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Shu bois shakarga aksiz toʻlovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qoʻyilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.

Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion soʻmga yetadi.

Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS toʻlamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20 foizdan 40 foizgacha qismini “keshbek” sifatida qaytarish tizimi joriy qilingan edi. Lekin, hozirgacha bu imtiyozdan bor-yoʻgʻi 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, “keshbek” berilmayapti. Vaholanki, ularga ham QQS toʻlangan.

Soliq qoʻmitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер