DXX 5 ta viloyatda yer savdosi bilan bogʻliq korrupsion holatlarni fosh etdi

12:00 18 Aprel 2025 Jamiyat
130 0

Sirdaryo, Toshkent, Xorazm, Andijon va Fargʻona viloyatlarida yer maydonlari bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hokimligi masʼul xodimi bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning 15 gektar yer maydonini 3-yil muddatga ijaraga berish uchun 360 mln soʻm talab qilib, shuningdek, oʻz mansab mavqeidan foydalanib, mazkur yer maydonining toifasini kovrak oʻsimligini ekishga oʻzgartirish boʻyicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi banklardan birining Kredit operatsiyalari va axborot almashinuvi boʻlimi boshligʻi hamda Biznes mijozlarini kreditlash boʻlimi boshligʻi, shuningdek, 1992 va 1999-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro oʻzaro kelishgan holda, Oʻrtachirchiq tumani hokimligi tomonidan mahalliy MChJlardan biriga bogʻdorchilik bilan shugʻullanish maqsadida ajratib berilgan 5,99 gektar yer maydonini xaridorga 455 ming AQSh dollariga sotishga kelishishadi.

Ular avans sifatida 70 ming AQSh dollari va mazkur yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali issiqxona faoliyatiga oʻzgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari, jami 85 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi, 1984-yilda tugʻilgan fuqaro oʻzining 1989-yilda tugʻilgan singlisi bilan kelishgan holda, tuman hokimligi zaxirasidagi 2500 m2 ekin yer maydonini kadastr idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 66 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 45 ming AQSh dollari va 130 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Xorazm viloyati Yangibozor tumani investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, “E-auksion” savdolariga qoʻyilgan 1 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga olib berish evaziga 300 mln soʻm talab qilib, shundan 243 mln soʻm hamda 4,3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon shahrida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan shaxs Xoʻjaobod tumani hokimligi tomonidan 2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 30 yil muddatga ijara asosida ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini 1987 va 1988-yillarda tugʻilgan 2 nafar sherigi bilan kelishgan holda, 27 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali yer maydonining toifasini oʻzgartirib, kelgusida qurilish ishlarini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olib berish evaziga 11,6 ming AQSh dollari talab qilib, jami, 38,6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Fargʻona viloyati Rishton tumanida yashovchi, 1959-yilda tugʻilgan shaxs soxta hujjatlar asosida oʻzlashtirib olgan, tuman hokimligi zaxirasidagi bogʻdorchilikka ixtisoslashgan 26 sotix yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali turar-joy toifasiga oʻzgartirib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 26 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер