Fargʻonada dala chetlariga 2 million tupdan ortiq mevali daraxt koʻchatlari ekildi

12:41 04 Aprel 2025 Jamiyat
64 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatidagi har bir shahar-tumanning tabiiy-iqlim sharoitini oʻrganish maqsadida monitoring ishlari amalga oshirildi. Natijada amaliy tajriba va ilmiy xulosalar oʻzaro uygʻunlashtirilib, viloyat boʻylab dala chetlariga 2 million tupdan ziyod olcha, olxoʻri, anor, behi, jiyda, tut kabi 7 turdagi daraxt koʻchatlari ekildi.

Ariq-zovur, kollektor atroflariga esa 4,5 million tupga yaqin nihollar oʻtqazildi. Hozirda ushbu koʻchatlar parvarishi, agrotexnik tadbirlar hamda turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish boʻyicha Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari, fitosanitar laboratoriyasi mutaxassislari fermer va dehqon xoʻjaliklari, shaxsiy tomorqa yer egalariga yaqin koʻmakdosh boʻlmoqda. Bu borada xizmat koʻrsatish tezkorligini oshirish uchun ijtimoiy tarmoqda “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasi ham tashkil etilgan.

— Mevali daraxt koʻchatlarini ekishda uning hosili jahon bozorida xaridorgirligi, uzoq masofaga tashish va saqlashga yaroqli ekanligi ham inobatga olindi, — deydi Fargʻona viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Murodjon Yoʻldoshev. — Misol uchun, intensiv usulda olcha koʻchatlarini parvarishlash tavsiya etilyapti. Boisi, doimiy ravishda olcha mevasini eksport qilish boʻyicha Yaponiya, bir qator Yevropa davlatlari bilan kelishuvga erishildi. Shu maqsadda olcha hosili zamonaviy omborxonalarda muzlatilgan holda saqlanib, yil davomida eksportga joʻnatiladi.

Fargʻona shahridagi “Sohibkor” MFY mirishkorlari azaldan mevazor bogʻlari va shirin-shakar mevalari bilan tanilgan. Hozirgi kunda ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari asosida eski, samarasiz bogʻlar oʻrnida intensiv bogʻlar barpo etilmoqda. Oʻz navbatida, bogʻbonlarning dala chetlari, ariq-zovurlar boʻyidan ham moʻl hosil olish borasidagi tajribasi eʼtiborga loyiq.

— Hozirda tasarrufimizda 16,7 gektar mevali bogʻlar mavjud, —deydi “Lochinbek bahori” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Ortiqali Xolmatov.—Keyingi yillarda bogʻimizning 60 foizi yangilanib, eksportbop olcha, oʻrik, shaftoli, nok, behi koʻchatlari ekildi. Shu bilan birga, dala chetlariga ertaki sabzavotlar, poliz mahsulotlari hamda toʻqsonbosti ekinlari ekamiz.

Mevalarimiz asosan eksportga joʻnatilsa, sabzavot va poliz mahsulotlari ichki bozorga yetkazib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер