Andijon shahridagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha faol ish olib borilmoqda

17:09 26 Iyul 2023 Jamiyat
649 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun respublikamizning qay bir hududiga razm solmang, bunyodkorlik ishlariga koʻzingiz tushadi. Hattoki, eng chekka hududlarda ham obodonchilik ishlari avj pallada. Ayni jarayonda Andijon shahridagi “Boʻston” mahallasida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratilgan.

— Koʻchalarimizga suv tarmogʻi tortilganiga 45-50 yil boʻlgan, —deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Abdugʻaffor Ortiqov. –Bu davr mobaynida quvurlar eskirib, yaroqsiz holatga kelib qoldi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida nosozliklar yuzaga kelib, taʼminot sifatiga putur yetayotgan edi. Shu kunlarda suv qurilishi bilan bogʻliq bunyodkorlik ishlariga kirishildi. Bu uzoq yillik muammomizning ijobiy yechim topishiga sabab boʻladi.

Darhaqiqat, ushbu mahalladagi 3 ta koʻchada suv quvuri eskirib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Shu bois 2 kilometr masofaga yangi quvur tortish ishlari olib borilyapti.

“Sadda” mahallasi aholisini ichki yoʻllardagi tartibsizliklar bezovta qilib kelardi. Yogʻingarchilik kunlaridagi loygarchilikdan aziyat chekkan aholining murojaat qilmagan idorasi qolmadi, hisob. Boisi, bu koʻchalar bundan 25 yil muqaddam asfaltlangan boʻlib, ayni damda taʼmirtalab boʻlib qolgandi. 6, 4 kilometr masofaga asfalt yotqizish orqali hududdagi eng ogʻir muammo ham barham topadigan boʻldi.

Bu kabi saʼy-harakatlarni viloyat markazidagi aksariyat koʻchalarda uchratish mumkin. Zero, Andijon shahrida aholi turmush sharoitini, hudud infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 26 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, buning hisobiga 12,2 kilometrdan iborat ichki yoʻlni asfaltlash, 37,5 kilometr masofaga suv tarmogʻini tortish, 71 kilometr elektr energiyasi tarmogʻini yangilash va 19 ta yangi transformator oʻrnatish ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер