Zomin seminari: yosh ijodkorlar saralandi

15:28 24 Aprel 2025 Jamiyat
190 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yosh ijodkorlarning anʼanaviy Zomin seminari Samarqand va Jizzax viloyatlari hududiy bosqichi Samarqand shahridagi markaziy istirohat bogʻida Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Buyuk mutafakkirning bebaho adabiy-badiiy merosi ulugʻlandi.

Shundan soʻng tadbir Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida davom etdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, taniqli ijodkorlar Bobur Bobomurod, Zebo Mirzayeva, Nosir Joʻrayev, Dilorom Murodova va Mehri Abdurahmonova hamda viloyatimizdan Farmon Toshev, Toshpoʻlat Tugalov sheʼriyat, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika va tarjima, nasr yoʻnalishlari boʻyicha shuʼbalarga boʻlingan holda yoshlarning ijod namunalarini koʻrib chiqishdi.

— Nazm yoʻnalishida qatnashyapman, — deydi SamDU Kattaqoʻrgʻon filiali pedagogika va tillarni oʻqitish fakulteti 3-bosqich talabasi Gulnoza Yusupova. — Topshirgan sheʼrlarimni shoira Zebo Mirzayeva koʻrib, yutuqlarimni eʼtirof etish bilan birga kamchiliklarimni koʻrsatdi va oʻz tavsiyalarini berdi. Xususan, sheʼriyatda qaysidir taniqli shoirning ijodini sevib oʻqish asnosida unga taqlidchi boʻlib qolmaslik, oʻz “men”ini topish, shuningdek, sheʼrda ichki ruhiyatni nafosat bilan ochib berish muhimligini uqtirdi. Oʻzim sheʼrlarini sevib oʻqiydigan shoiradan tavsiyalar olganimdan faxr hissini tuydim. Ustozimning tavsiyalari kelgusi ijodiy ishlarimda asqatadi, albatta.

Hakamlar hayʼati hududiy saralash bosqichida 13 nafar yosh ijodkorlarning “Zomin — 2025” tanloviga taqdim etgan ijodiy ishlarini koʻrib chiqdi. Har bir nomzod bilan bevosita muloqot oʻtkazilib, zarur tavsiyalar berildi va mahorat darslari oʻtildi.

Ikki kunlik seminar davomida taniqli ijodkorlarning yosh kitobxonlar bilan uchrashuvlari ham tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?