“ZIYO KUNI” — haqiqatda yoshlarga ziyo ulashdi

07:37 19 Dekabr 2023 Jamiyat
397 0

Olmazor tumanidagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazida “Ziyo Forum” ilm-fan va taʼlim tarbiyani rivojlantirish Xalqaro fondi tomonidan 500 dan ortiq yoshni oʻzida jamlagan “Ziyo kuni” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda mashhur oʻqituvchilar, taniqli blogerlar hamda talaba-yoshlar qatnashishdi.

Qiziqarli suhbat va muhokamalarga boy oʻtgan uchrashuvda turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan mehmonlar maʼruzalar qildi, ijodiy mahorat darslari, intellektual viktorinalar, netvorkinglar tashkil etilib, oʻquvchi-yoshlar oʻzining qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shuningdek, tadbir munosabati bilan yoshlarning huquqiy savodxonligi, axborot madaniyatini yuksaltirish, huquqlari, imkoniyatlaridan xabardor qilish maqsadida taniqli insonlar tomonidan seminarlar ham tashkil etildi.

— Bugunning yoshlari har tomonlama omadli desam, adashmayman. — dedi fondning axborot xizmati rahbari Sirojiddin Bozorov. — Imkoniyatlar esa ularning oʻzini rivojlantirishi, yuksalishi va yashirin qirralarini kashf etmoqda. “Ziyo kuni” haqiqatda yoshlarga ziyo ulasha oldi. Aminmanki, ular kelajakda oʻz kasblarining ustalari boʻlib yetishadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarni, ayniqsa, talabalarning ezgu tashabbuslarini, innovatsion gʻoyalarini, tadqiqot ishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga muhim eʼtibor qaratilmoqda.

“Ziyo kuni” ham taʼlimga yangi yondashuvni ifodalovchi innovatsion tadbirlardan biri boʻldi, desak mubolagʻa emas. Ushbu tadbir yoshlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, oʻqishga va oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishga motivatsiya berish, turli dolzarb mavzularda muloqot qilish, talabalar oʻrtasida muloqotni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?