JSST: Diareya yiliga yarim milliondan ziyod bolalar oʻlimiga sabab boʻlmoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti diareya kasalligi boʻyicha yangi hisobotini eʼlon qildi. Unda qayd etilishicha, xalq orasida ichburugʻ deb ataluvchi bu dard besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasidagi oʻlim holatlarining ikkinchi asosiy omilidir.
Ushbu xastalik har yili dunyo boʻyicha 525 ming nafar oʻgʻil-qizning hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻlmoqda. Tahlillarga koʻra, diareya aksariyat hollarda ifloslangan oziq-ovqat va suv isteʼmoli oqibatida yuzaga keladi va rivojlanadi.
Bu boradagi vaziyat, afsuski, hamon xavotirli. Chunki Yer yuzida qariyb 780 million kishi toza ichimlik suvidan, 2,5 milliard odam esa oddiy sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum.
Ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda ahvol yomon. Bunday mintaqalarda uch yoshgacha boʻlgan bolalar yiliga oʻrtacha uch marta oʻtkir diareya bilan ogʻrishi hisob-kitob qilingan. Negaki, toʻyib ovqatlanmagan yoki immuniteti zaif kichkintoylar oʻrtasida ichburugʻga chalinish xavfi yuqori.
Mutaxassislar ilgari diareya bilan bogʻliq oʻlim holatlariga asosan organizmning suvsizlanishi va suyuqlik yoʻqotishi sabab boʻladi, degan fikrda edi. Ammo endi xulosalar oʻzgargan.
Boisi, ayni paytda diareya bilan bogʻliq oʻlim holatlari ortishida septik bakterial infeksiyalarning ulushi yuqori. Shu tufayli ichburugʻning tarqalish statistikasi rivojlangan davlatlarda ham bir qadar oshgan.
Kasallik chogʻida organizmga tushgan baʼzi bakteriyalardan ajralgan toksinlar qonga soʻrilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha boʻlgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon boʻladi.
Holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, ichning suyuq yoki qon aralash ketishi, tana harorati koʻtarilishi, qorin ogʻrishi, dam boʻlishi kabi simptomlar shular jumlasidan.
Agar oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmasa, u ichaklarning buralib qolishi, parez, yaʼni falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz kabi ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, JSST oʻz hisobotida toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkinligini eslatib oʻtadi.
“Diareyani davolashda ogʻiz orqali qabul qilinadigan regidratatsiya tuzlarining ahamiyati katta. Qolaversa, 10-14 kun davomida 20 mg. sink tabletkalari bilan qoʻshimcha muolaja kursi kasallikni yengishda katta samara beradi” — deyiladi hisobotda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring