Jozibador turizm sari muhim qadam
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlar, jurnalistlar, soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari bilan yanada gavjum. Sababi, takomillashtirilayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining har bir yoʻnalishi yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazilmoqda.
Tadbirning bu galgisi “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish, transport-logistika tarmoqlarini kengaytirish va turizmni rivojlantirish” mavzusiga bagʻishlandi.
Matbuot anjumani ochiq muloqot ruhida oʻtib, strategiyada belgilanayotgan maqsad va vazifalarning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka sodda va tushunarli tarzda yetkazildi.
Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov taʼkidlanganidek, strategiyada mamlakatimizni global transport-logistika tarmoqlariga chuqurroq integratsiya qilish ustuvor vazifa etib belgilangan. Yaʼni kelgusi besh yillikda transport tizimini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning barcha sohalariga kuchli turtki beriladi.

Raqamlar esa maqsad naqadar katta qilib qoʻyilganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Gap shundaki, 2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini 301 trillion soʻmgacha oshirish, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini 250 trillion soʻmga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, aviaqatnovlar soni 200 mingtagacha oshirilib, respublika hududlari oʻrtasidagi reyslar soni 41 mingtaga yetkaziladi. Bu, avvalo, aholi uchun qulaylik, tadbirkorlar uchun esa yangi imkoniyat, demakdir.
Strategiyada “yashil” iqtisodiyot masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Chunki bu yoʻnalish nafaqat ekologik muammolarni kamaytirish, balki aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Negaki, strategiya doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati 25 ming MVtga yetkazilishi hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi 120 milliard kVt soatgacha oshirish koʻzda tutilgan.

Anjumanda turizm sohasini rivojlantirish masalalari ham muhokama markazida boʻldi.
— 2030-yilgacha yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga chiqarish koʻzda tutilgan, — deydi Turizm qoʻmitasi boshqarmasi boshligʻi Oybek Hakimov. — Shu bilan birga, hududlarda 4 mingta yangi mehmonxona, mehmon uyi va xostellar tashkil etiladi. Bu sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratish barobarida, minglab yangi ish oʻrinlari ochish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Ulugʻbek Roʻzimatov,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring