Joriy yil yanvar-fevral oylarida birja savdolarida bir tonna portland sement oʻrtacha 601 ming QQS bilan soʻmdan sotilgan

13:27 14 Mart 2023 Iqtisodiyot
591 0

Foto: Illustrativ foto

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov maʼlum qildi.

Respublikamizda jami 34 ta sement zavodlari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularning yillik quvvati 25 mln tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 17,01 mln tonnaga yetkaziladi. Yanvar-fevral oylarida respublika boʻyicha 1,12 mln tonna sement ishlab chiqarildi.

Mamlakatimiz amalga oshirilayotgan qurilish bunyodkorlik ishlariga sifatli sement yetkazib berish maqsadida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻzida 7 ta yangi korxonalarni ishga tushirish natijasida qoʻshimcha 5,8 mln. tonna quvvat yaratiladi.

Xususan, 2023-yilda “Qoraqalpoqsement” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 65 mln dollar boʻlgan yillik quvvati 1 mln 400 ming tonna sement ishlab chiqarish liniyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, “Eko sement” MCHJ, “Ishonchli posbon tekstil” MCHJ, “Jomboysement” MCHJ kabi sement loyihalari oʻz faoliyatlarini boshlaydi.

2023-yillarda sement ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning manzilli roʻyxatiga koʻra Qoraqalpogʻiston respublikasida 1 ta, Andijon viloyatida 1 ta, Jizzax viloyatida 1 ta, Namangan viloyatida 1 ta, Samarqandda 2 ta, Toshkent viloyatida 1 ta yangi sement zavodlari barpo etish rejalashtirilgan.

2023-yil yanvar-fevral oylarida markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obʼektlar qurilishiga oʻrtacha birja kotirovka narxlarida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha 3,7 ming tonna sement xarid qilingan

Yana bir maʼlumot, yanvar-fevral oylarida birja savdolarida bir tonna portland sement oʻrtacha 601 ming QQS bilan soʻmdan sotilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, 2022-yilning 21-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-139-sonli “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, 2022-yil 1-martdan boshlab barcha yuridik shaxslarga sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi. Shuningdek, 2024-yil 1-yanvarga qadar Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yil yakuni bilan Respublikamizda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2022-yilda esa bu koʻrsatkich 14,6 mln tonnaga yetkazildi. Shu jumladan mamlakatimizda sifatli, raqobatbardosh, yuqori markali sement ishlab chiqarishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Albatta, ushbu investitsiya loyihalarini foydalanishga topshirish orqali mamlakatimizda sifatli, jahon standartlariga mos qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, qolaversa, qurilish materiallariga boʻlgan ichki talab qoplanadi. Eng muhimi doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?