Jondorda xalq qahramoniga haykal oʻrnatildi. Biroq...
Mahmud Torobiy deganimizda darhol koʻz oldimizda ona-yurt hurligi, ozodligi uchun mardlarcha kurashgan xalq qahramoni koʻz oldimizga keladi. Bu inson nomi necha asrlardan buyon tillardan tushmay kelyapti. Uning hayoti, Vatanga sadoqati, mardligi hatto yevropalik olimlarni ham hayratga solmoqda.
Gap shundaki, Mahmud Torobiy oddiy elakchi-kosib, shayx boʻlgan. Buxoro shahridan 20 kilometrcha olisda joylashgan Torob qishlogʻida yashagan. Jondor tumani hududidagi bu qishloq moʻgʻul bosqinchilari zulmiga qarshi kurash markaziga aylangan.
Manbalarda qayd etilishicha, 1238-yilda shu hamda yon-atrofdagi qishloqlarning dehqon va kosiblari oʻzaro maslahatlashib, yurt bosqinchilariga qarshi ochiq kurashga kirishganlar. Qoʻzgʻolonchilar Mahmud Torobiy boshchiligida Buxoroga yurish qilib, shaharni egallashgan. Mahmud Torobiy sulton qilib koʻtarilgan. Ammo keyinchalik bosqinchilar katta kuch toʻplab, ozodlik kurashchilarini magʻlub etganlar. Torobiy halok boʻlgan.
Oradan necha asrlar oʻtdi. Ammo Mahmud Torobiyning Vatan ozodligi yoʻlidagi kurashi unutilmadi. Jondorda uning nomida koʻcha bor. Koʻhna Torob qishlogʻi qalʼasi qoldiqlari ham mavjud. Biroq bu xalq qahramoni nomi bilan bogʻliq goʻsha ahvoli, Torobiy nomini abadiylashtirish masalalari koʻngildagidek emas. Yaqinda shu masala yechimida muhim qadam qoʻyildi. Viloyat va tuman hokimligi saʼy- harakati bilan Jondordagi madaniyat va istirohat bogʻida obodonchilik ishlari amalga oshirilib, bu goʻsha M. Torobiy nomidagi harbiy- vatanparvarlik bogʻiga aylantirildi. Bogʻ oʻrtasida Mahmud Torobiyning haykali oʻrnatildi.
— Asarni yaratishdan avval koʻplab tarixiy manbalar bilan tanishib chiqdim, — deydi haykaltarosh Qurbon Norxoʻrozov. — Oʻrganishlar jarayonida Mahmud Torobiy nafaqat oddiy elakchi, tabib, shu bilan birga elni ortidan ergashtira oladigan fidoyi inson, tashkilotchi ham boʻlgan, degan fikrga keldim. Torobiyni bir qoʻlida qalqon, ikkinchi qoʻlida esa qilich tutgan holda tasavvur qildim. Qalqon bu ramziy maʼnoda. Aniqrogʻi, Mahmud Torobiy — xalq himoyachisi, yurt qalqoni. Qilichni esa orqa tomonga tortib turibdi. Bu bilan u «Mabodo, kimdakim xalqimga tazyiq oʻtkazgudek boʻlsa, yurtimga hamla qilsa albatta, jazosini oladi», demoqda. Haykal mana shu gʻoya ostida dunyoga keldi.
Umumiy uzunligi 8 metr boʻlgan haykalni yaratishda ijodkorga farzandlari, rangtasvirchi rassom Behzod Karimov, K. Behzod nomidagi milliy dizayn va rassomlik instituti talabasi Sherzod Karimov, shu institut talabalari Qodirbergan Yusupov va Saydullo Begʻamovlarning koʻmagi katta boʻldi.
Shu tariqa bir mard ajdodimizning xotirasi abadiylashtirildi. Biroq mazkur goʻshada hali qilinadigan ishlar juda koʻp. Bogʻ rahbari vazifasini bajaruvchi Bahodir Soliyev muxbirimizga dilidagilarni toʻkib soldi.
— Bogʻ toʻrt gektardan iborat, — deydi u. — Qurilish-obodonchilik ishlari boshlandi-yu, keyin negadir hammasi oʻz holiga tashlab qoʻyildi. Toʻgʻri, baraka topishsin, obodonchilik idorasi ishchilari kun ora shu yerda. Ammo park atrofi oʻrab olinmagan. Vaholonki, keltirilgan koʻrgazmali harbiy texnikalarni asrab-avaylash masalasi bor. Kechqurun bu yerga qadam bosgani kishining yuragi betlamaydi. Chunki chiroqlar oʻrnatilmagan. Shuning oʻziga 40 million soʻm mablagʻ zarur. Muzey uchun bino qurildi. Lekin ichida hech vaqo yoʻq. Bogʻda, aytishga ham xijolat chekasan, kishi, hatto birorta attraksionni ham uchratmaysiz. Tushunamiz, hozir yurtimizda karantin eʼlon qilingan, dam olish bogʻlari faoliyat koʻrsatmayapti. Ammo nasib etsa, yaxshi kunlar keladi. Bogʻdan bolajonlarning qadami uzilmaydi. Buning uchun ularga munosib shart-sharoitlar yaratish darkor.
Bahodir akaning bu soʻzlarini mutasaddilar eʼtiboriga havola etamiz-da, yana Mahmud Torobiy mavzusiga qaytamiz. Gap shundaki,”Xalq soʻzi”ning saytida bu mavzuda bir emas, ikki bor tanqidiy maqola eʼlon qilindi. Chunonchi, mehnat faxriysi, jurnalist Safar Ahmedovning “Jondorda “Qahramonlar xiyoboni barpo etiladimi?” sarlavhali tanqidiy maqolasida shu goʻshadan chiqqan yurt fidoyilari nomini abadiylashtirish masalasi koʻtarildi. Unda, jumladan, quyidagi soʻzlarni oʻqish mumkin edi:
“Afsuski, yurtimizning buguni, ertasi uchun kurashgan, davlat tomonidan qahramonlikka loyiq topilgan bu insonlarni yoshlarni-ku qoʻya turing, oʻrta va keksa avlod vakillari ham tuzukroq bilishmaydi. Axir,oʻtmishini bilmagan xalqning kelajagi yoʻq,deb bejiz aytilmaydi. Ularning ikki frontdagi matonat va qahramonliklari yosh avlodga namuna qilib koʻrsatilsa,tuman markazidagi istirohat bogʻida “Qahramonlar xiyoboni” bunyod etilsa, bu yerda yoshlarga qahramon ota- bobolarimizning hayoti, ibratli umr yoʻli haqida hikoya qilinsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Bizningcha, bu xiyobon VATAN haqida eng yaxshi saboq vazifasini oʻtaydigan manzilga aylanardi.”
Bu soʻzlarga izohning hojati yoʻq, albatta.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bollivud yulduzi Mumbaydagi uyida pichoqlab ketildi
- HAMAS va Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Bir xum tilla topib olindi. Ushbu xazinada Gʻarbiy Rim imperiyasi imperatorining suratlari tushirilgan 141 dona oltin tanga bor
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring