Jonajon Vatanimiz yangi tarixiga chizgilar

12:30 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
486 0

Foto; “Xalq so‘zi”

“Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans ostonasida” nomli kitob chop etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi va  Uchinchi Renessans asosini yaratish borasidagi tashabbusi bugun reallikka ko‘cha boshladi. Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganidek, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Iqtisod fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov hamda akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakridin Zaripov hammuallifligidagi ushbu kitobda ayni shu o‘zgarish va yangilanishlar jarayoni haqida hikoya qilinadi. Yaʼni Yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar, rivojlanishning yangi bosqichida qo‘lga kiritilayotgan inqilobiy muvaffaqiyatlar haqida so‘z yuritiladi.

Shu bilan birga, yurtimiz zamini tarixda ikkita buyuk uyg‘onish davrlariga beshik bo‘lgani, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirib bergani mahorat bilan qalamga olingan. Ayniqsa, Uchinchi Renessansga qo‘yilayotgan poydevor va yangi tamaddun asoslari aniq dalillar asosida ochib berilgan. Shu maʼnoda, mazkur asar kitobxonlarda mamlakatimizda yangi o‘sish va rivojlanish bosqichiga ko‘tarilish borasida belgilab olingan Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘li haqida to‘liq va mukammal tasavvur hosil qilishga imkon beradi. 

— Mintaqamizdagi Birinchi Renessans allomalaridan biri Forobiy fozil jamiyatni shunday tasvirlagan edi. «Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir. Bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi». Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ilm-maʼrifat sohasidagi ulkan o‘zgarishlarni tahlil etganimizda, har gal ulug‘ allomaning shu so‘zlari yodimizga kelaveradi, — deydi Murtazo Rahmatov. — Chunki O‘zbekistonda tarixan juda qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy muhit yaratildi. Bu esa mamlakat obro‘-eʼtibori va nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan evrilishlarga asos bo‘lmoqda. Buni yaqindan kuzatayotgan taniqli ekspertlar, siyosatchi va tahlilchilar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni “Singapur moʻjizasi” asoschisi Li Kuan Yu hamda Xitoy iqtisodiy taraqqiyoti meʼmori Den Syaopinga o‘xshatishmoqda. Ammo yurtimizda olib borilayotgan jadal islohotlar Li Kuan Yu va Den Syaopinniki bilan qiyoslanganda o‘zining shiddatkorligi, tez va inqilobiy ekani bilan ustunlikka ega. Bu esa yillar davomida yig‘ilib qolgan mavjud muammolarni tezkorlik bilan yechish, Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Shu bois, ishonch bilan ayta olamizki, Prezidentimiz rahbarligida Yangi Uyg‘onish va yangi tamaddunga asos yaratib, buyuk kelajakni birgalikda quramiz.

Taʼkidlash kerakki, ushbu risola jonajon Vatanimizning yangi tarixiga dastlabki chizgilar ekani bilan ham alohida ahamiyatga ega.

U keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha taʼlim muassasalari, xususan, oliy o‘quv yurtlari, tashkilot va idoralar, har bir xonadonga kirib borishi maqsadga muvofiqdir. Zotan, qaysi zamonda bo‘lmasin, buyuk evrilishlar, o‘zgarish va yangilanishlar, avvalo, xalqning qudrati, salohiyati va kuchiga tayaniladi.

— Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib “Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak”, degan ulug‘ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi, — deydi Bakridin Zaripov. — Natijada O‘zbekiston o‘tgan atigi besh yil ichida butunlay yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Prezidentimizning Uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm bilan boshqarish mumkin bo‘lgan zamonda shunday g‘oyalargina qudratli kuch kasb eta oladi.

Kitobda kishini mushohadaga chorlaydigan yana bir jihat —  bu iqtisodiy ilmning targ‘ib etilganidir. Gapning ochig‘ini aytganda, biz uzoq yillar moliyaviy bilimlarni xalqona tilda o‘qishga muyassar bo‘lmadik. Iqtisod ilmiga asoslangan kitoblarda, umuman, iqtisodiyot nazariyasida xalqonalik anchayin yiroq tuyg‘u edi. Balki shu bois ham xalqning iqtisodiy ilmi zaifroq yoki pufak tushunchalarga bog‘liq bo‘lib qoldi.

Mazkur risolada davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida mamlakat paxtachiligida joriy etilgan klaster usuli Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining “drayveri”ga aylanayotganini sodda va xalqona tarzda ochib berilgani mualliflarning muvaffaqiyati bo‘lgan, desak, ayni haqiqat.

Darvoqe, ushbu kitob “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda “Zamin nashr” tomonidan nashr etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?