Jizzaxda “Matiz” va ZIL ishtirokidagi YTHda 3 kishi halok boʻldi

19:09 24 Noyabr 2025 Jamiyat
453 0

Jizzaxda qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan “Matiz” ZIL bilan toʻqnashishi oqibatida 3 kishi halok boʻldi. Bu haqda viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 23-noyabr kuni soat 08:10 larda Jizzax shahar Amir Temur MFY hududidan oʻtuvchi D-050 “Jizzax-Gʻallaorol” avtomobil yoʻlining 34 kilometrida sodir boʻlgan. Baxmal tumanida yashagan 27 yoshli haydovchi “Matiz” rusumli transport vositasini “Jizzax-Gʻallaorol” yoʻnalishi boʻyicha boshqarib ketayotgan vaqtda oʻzi bilan bir yoʻnalishda, oldinda harakatlanib ketayotgan avtomashinani quvib oʻtish maqsadida qarama-qarshi yoʻnalishga chiqqan.

Oqibatda oʻz yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan, 33 yoshli haydovchi boshqaruvidagi ZIL-130 rusumli yuk avtomashinasi bilan toʻqnashgan. Ushbu yoʻl-transport hodisasi tufayli “Matiz” haydovchisi va avtomashinada boʻlgan 2 nafar yoʻlovchi olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida halok boʻlgan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar Ichki ishlar boshqarmasining Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?